Noyabrda uy-joy oldi-sotdi shartnomalari umumiy soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2%ga oshib, 25 mingta bitimni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Yillik hisobda eng yuqori o‘sish Buxoro (35,4%), Qashqadaryo (26,5%) va Samarqand (21,7%) viloyatlarida qayd etildi.
Mamlakat bo‘yicha uy-joy bilan bog‘liq barcha bitimlarning taxminan 30%i poytaxt bozori hissasiga to‘g‘ri keladi. Noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy savdosi hajmi yillik hisobda 8,8%ga oshdi.
Toshkentda ko‘chmas mulk bozori
Yillik hisobda Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha narxi 0,9% ga pasaygan, birlamchi bozorda esa, aksincha, narxlar 4% ga o‘sgan.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining pasayishi eng ko‘p Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida kuzatilib, ushbu hududlarda o‘rtacha pasayish taxminan 5% ni tashkil etdi.
Poytaxtdagi birlamchi uy-joy bozorida esa narxlarning eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy, Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi. Ushbu tumanlarda narxlar o‘rtacha hisobda taxminan 9%ga oshdi.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Noyabr oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun $8,7 ni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5%ga yuqori.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $11.
Shuningdek, ijara narxlarining o‘sishi Mirzo Ulug‘bek, Mirabod va Bektemir tumanlarida ham kuzatilib, mazkur hududlarda yillik hisobda o‘rtacha 8% atrofida oshish qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Mamlakat bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida yillik hisobda narxlarning o‘rtacha 7% atrofida mo‘tadil o‘sishi kuzatildi.
Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Surxondaryo, Jizzax va Namangan viloyatlarida qayd etildi.
Ushbu hududlarda narxlar o‘rtacha hisobda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan taxminan 17% ga oshdi.
