Rosatom davlat korporatsiyasiga qarshi sanksiyalarning joriy etilishi O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasiga ta’sir qilmaydi. Bu haqda 23-dekabr kuni Atomstroyeksport vitse-prezidenti — O‘zbekistonda AES qurish loyihasi direktori Pavel Bezrukov jamoatchilik eshituvi doirasida jurnalistlarga ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Matbuot uchun qisqa brifing davomida Spot muxbiri Rosatomga qarshi ehtimoliy sanksiyalar joriy etilishining Jizzax viloyatida qurilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida so‘radi. Ushbu loyihada Rossiya davlat korporatsiyasi bosh pudratchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

“Birinchidan, biz — Rosatom emas, balki mamlakat sifatida — uzoq vaqtdan beri sanksiyalar ostidamiz. Rosatom allaqachon stansiyaning barcha muhim qismlarini o‘z ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Shuning uchun bu [sanksiyalarni joriy etish] atom stansiyasi va uning qurilishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi”, deb javob berdi Pavel Bezrukov.

Sentabr oyi oxirida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishib oldi.

Tomonlar loyiha tarkibiga VVER-1000 3+ avlodiga asoslangan ikkita yuqori quvvatli energoblok va har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishiga kelishib oldilar.

25-sentabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Jizzax viloyatida 2 GVt quvvatga ega katta atom elektr stansiyasi va 110 MVt quvvatga ega kichik atom elektr stansiyasi qurilishini ma’lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2035-yilga borib 525 gektar maydondagi kombinatsiyalashgan atom elektr stansiyasi 15 mlrd kVt/soatdan ortiq energiya ishlab chiqaradi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda ikkinchi yirik AES qurilishiga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.