Ehtiyojmand qatlamlarga hududlarda kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

2025-yilda Andijon va Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida sinov tarzida tashkil etilgan Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari tajribasi asosida 2026−2027 yillarda bosqichma-bosqich 20 ta hududiy markaz yo‘lga qo‘yiladi.

Hujjatda hududiy markazlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ham belgilandi. Jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatilishi tashkil etiladi.

Shuningdek, og‘ir hayotiy vaziyatdagi bolalarning ijtimoiy moslashuvidagi muammolarni o‘rganish orqali ularning jamiyatga integratsiyasi taʼminlanadi.

Hududiy markazlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga reabilitatsiya, abilitatsiya, fizioterapiya va davolash-jismoniy tarbiya, qarab turish va parvarishlash xizmatlari ko‘rsatiladi.

Ijtimoiy xizmatlardan imtiyozli shartlarda foydalanish huquqiga ega shaxslar hududiy markazlar xizmatlaridan Inson markazlarining yo‘llanmasi asosida foydalanadi.

Hududiy markazlarning xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq barcha tartib-taomillar to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi.

17-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgandi. Unda 2026−2027-yillarda 20 ta markaz ochilib, qarab turish, parvarish, reabilitatsiya, abilitatsiya va ta’lim xizmatlari ko‘rsatilishi ma’lum qilingandi.


Avvalroq O‘zbekistonda ishlamaydigan ayrim oilalar uchun nafaqa va yordam pullari to‘xtatilishi haqida xabar berilgandi.