AQSH ma’muriyati mamlakatni o‘z ixtiyori bilan tark etgan noqonuniy muhojirlar uchun mukofotni $3000 gacha oshirishga qaror qildi. Bu haqda Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ma’lum qildi.

CBP Home ilovasi orqali yil oxirigacha ixtiyoriy deportatsiya uchun ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy fuqarolar o‘z vataniga bepul aviachipta bilan birga mazkur miqdorda nafaqa oladi.

Shuningdek, ilovadan foydalanish mamlakatni tark etmaganlik uchun belgilangan har qanday fuqarolik jarimalari yoki sanksiyalaridan ozod etilish huquqini ham beradi.

“2025-yil yanvaridan boshlab 1,9 mln noqonuniy muhojir ixtiyoriy ravishda mamlakatdan chiqib ketdi va o‘n minglab kishilar CBP Home dasturidan foydalandi. Rojdestvo bayramlari davrida amerikalik soliq to‘lovchilar mamlakatda noqonuniy bo‘lganlarning ixtiyoriy ravishda ketishlari uchun rag‘batni saxiylik bilan uch baravarga oshirib, $3000 miqdorida bonus taklif qilmoqdalar, ammo bu taklif faqat yil oxirigacha amal qiladi”, — dedi ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem.

Noemning qayd etishicha, noqonuniy muhojirlar bu imkoniyatdan foydalanib, o‘zlari chiqib ketishlari kerak, chunki agar ular buni qilmasalar, ular izlab topiladi, qamoqqa olinadi va ular boshqa hech qachon qaytib kelolmaydilar.

Mart oyi boshida AQSh migrantlar uchun o‘z-o‘zini deportatsiya qilishga mo‘ljallangan ilovani ishga tushirgandi.

U mamlakatda noqonuniy ravishda yashayotgan muhojirlarga ehtimoliy ushlash va qamoqqa olishdan qochish uchun mamlakat hududini o‘z ixtiyori bilan tark etish imkonini beradi.

CBP Home deb nomlangan yangi mobil ilova foydalanuvchi “ketish niyati” haqida xabar berishi mumkin bo‘lgan funksiyani o‘z ichiga oladi, deya xabar berdi AQSH bojxona va chegara nazorati xizmati.

Tramp saylovoldi kampaniyasi paytidayoq noqonuniy muhojirlarni keng ko‘lamli deportatsiya qilishga va’da bergan edi. Biroq uning ikkinchi muddatining dastlabki haftalari Jo Bayden prezidentligining so‘nggi yilida qayd etilgan ko‘rsatkichlarga erishish kutilganidan ham qiyinroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Yangi muddatning birinchi oyida Tramp o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatda ayblangan yoki sudlangan shaxslar orasida hibsga olishlar sonini ikki baravarga oshirdi.

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish uchun uning ma’muriyati Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) faoliyatini kuchaytirdi, shuningdek, yangi mexanizmlarni, jumladan, jinoiy o‘tmishga ega bo‘lmagan muhojirlarni ushlashning soddalashtirilgan tartibini joriy etdi.


Avvalroq Spot AQSH Green Card dasturini to‘xtatgani haqida yozgandi. Qaror Braun universitetida otishma sodir etganlikda gumonlangan shaxs ushbu dastur orqali mamlakatga kelgani sababli qabul qilingani aytilmoqda.

Shuningdek, Tramp AQSHga kirish cheklovlari joriy qilingan mamlakatlar sonini 39 taga oshirgani haqida xabar berilgandi.