Spot 2025-yil davomida xorijda tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan suhbatlar tashkil qilib, ular tahsil olayotgan oliygohlari, o‘qish jarayonlari hamda mavjud grantlar dasturlari haqida ma’lumotlarni taqdim etib bordi.
Ular orasida AQSh, Germaniya, Koreya, Malayziya, Vengriya kabi dunyoning nufuzli oliygohlarida o‘qiyotgan vatandoshlarimiz bor.
An’anaga ko‘ra, Spot yil yakunlarni sarhisob qilib, xorijdagi vatandoshlarimiz ta’lim olayotgan oliygohlar ularda mavjud grant dasturlari haqida ma’lumotlarni bir nuqtaga jamladi.
Germaniya
Oliygoh. Germaniyaning Regensburg universitetida Germaniya korporativ va tijorat huquqi yo‘nalishi magistratura bosqichida tahsil olayotgan vatandoshimiz Mahmudxo‘ja Mirzayev o‘zi ta’lim olayotgan oliygoh hamda undagi o‘quv jarayoni haqida ma’lumot bergandi. Shuningdek, Germaniyada tahsil olayotgan yana bir magistrant — Shakhrizoda Islomova esa o‘qiyotgan Humboldt-Universität zu Berlin universiteti va u ishtirok etayotgan grant dasturi haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashgan.
Regensburg universiteti magistratura bosqichiga topshirishda kerak bo‘ladigan hujjatlar:
- til sertifikati (kamida IELTS 6.5 yoki nemis tilidan C1 daraja);
- pasport nusxalari;
- motivatsion xat;
- tavsiyanomalar (odatda 2ta, ammo ba’zi universitetlarga 1ta yetarli bo‘lishi mumkin);
- universitet diplomi va ilovasi (hali bitirmaganlardan faqat transkripti);
- bakalavrda o‘tilgan barcha fanlarning fanlar tavsifi (description);
- rezyume.
Shuningdek, uni-assist platformasi orqali Germaniyadagi bir nechta oligohlarga birdaniga hujjat topshirish imkoniyati mavjud. Bu pullik xizmat bo‘lib, birinchi ariza uchun taxminan 75 yevro, keyingi har bir dastur uchun esa 30 yevro to‘lash kerak bo‘ladi.
Oliygoh tanlashda faqat QS yoki THE reytingidagi ko‘rsatkichga asoslanmaslik kerak. Universitetda ta’lim olish nafaqat bilim olish, balki madaniyatlarni o‘rganish va yangi muhitga moslashishni ham o‘z ichiga oladi. Shu sababli, ushbu omillarni ham inobatga olish lozim, deydi Germaniyada ta’lim olayotgan Mahmudxo‘ja.
Grant dasturlari. Germaniyadagi eng yirik grant beradigan tashkilot DAAD hisoblanib, u 1925-yilda tashkil etilgan. Bu tashkilot dunyoning 100 dan ortiq mamlakati talabalari uchun Germaniyada o‘qish imkoniyatlarini taqdim etadi. DAAD grantining davomiyligi odatda 10 oydan 24 oygacha bo‘ladi va quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- Transport xarajatlari. Har akademik yilda bir marta 1275 yevro.
- O‘qish bilan bog‘liq xarajatlar. Bir martalik 460 yevro akademik to‘lov (kitob va semestr to‘lovlari uchun).
- Stipendiya. Har oy 992 yevro.
- Ijara xarajatlari. Agar ijara xarajatlari stipendiyaning 30%idan oshsa, qo‘shimcha har oy 350 yevrogacha qoplanadi. Germaniyaga dastlabki kelgan paytda ijaraga uy yoki yotoqxona topish biroz muammo bo‘ladi. Shu sabab agar siz boshida ikki oy davomida mehmonxonada yashasangiz, ushbu xarajatlarining 85−90%i qoplanadi.
- Til kurslari. Grant yutganlar o‘qish boshlanishidan oldin, odatda 2 oy davomida (avgust va sentabr) 3000−3500 yevro qiymatidagi nemis tili kurslarida bepul o‘qiydi. Shuningdek, bu davrda qo‘shimcha har oy 450 yevro stipendiya ham ajratiladi.
- Sug‘urta. DAAD sog‘liq, shaxsiy javobgarlik va favqulodda holatlar sug‘urtalarini taqdim etadi va holatiga qarab 60 ming yevrogacha qoplaydi.
- Viza xarajatlari. DAAD grantiga ega bo‘lgan talabalar elchixonaga viza to‘lovlarini amalga oshirishdan ozod etiladi.
- Nemis tilidan xalqaro til sertifikatlariga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab beriladi.
- Boshqa imtiyozlar mavjud.
Grant oilali talabalar uchun ham imkoniyatlar yaratadi. Oila a’zolari bilan Germaniyaga kelganlar uchun ijara to‘lovlarining 40%i qoplanib, bolalari uchun qo‘shimcha 255, turmush o‘rtog‘i uchun 280 yevrogacha mablag‘ ajratiladi.
Germaniyada yashash uchun (residence permit) 100 yevrodan 150 yevrogacha davlat tomonidan olinadigan to‘lov bor, agar siz DAAD-granti g‘olibi bo‘lsangiz bu to‘lovdan ozod qilinasiz.
AQSH
Oliygoh. AQSHning Boston universitetida magistratura bosqichida tahsil olayotgan Fazliddin Ko‘lboyev, Harvard Kennedy School’da ekonometrika va miqdoriy iqtisodiyot bo‘yicha ikkinchi magistratura bosqichida o‘qiyotgan Jahongir Sadiev hamda Cornell universiteti magistranti Nilufar Ro‘ziyeva lar bu davlatning ta’lim tizimi, grantlari hamda oliygohlari haqida ma’lum berishgandi.
Boston universiteti magistratura bosqichiga topshirishda kerak bo‘ladigan hujjatlar:
- GMAT sertifikati: tanqidiy fikrlash qobiliyati, tezkor qaror qabul qilish va matematik bilimlarni baholash jarayonida hisobga olinadi;
- til sertifikati: ingliz tili bilish darajasini belgilovchi sertifikat (IELTS yoki TOEFL);
- professional rezyume: ish tajribasi va yutuqlarni aks ettiradi;
- essay: universitet talabidan kelib chiqib bir yoki ikkita essay, asosan kelajakdagi maqsadlar va universitet jamiyatiga qanday hissa qo‘sha olishingiz mavzusida bo‘ladi;
- bakalavrdagi GPA: akademik ko‘rsatkichlarni tasdiqlovchi hujjat.
Harvard Kennedy School hamda Cornell universitetida ham deyarli bir xil: esse, rezyume, baholar transkripti, uchta tavsiyanoma, ingliz tili sertifikati va GRE/GMAT natijalari talab qilinadi.
Faqat Harvard qabul jarayoniga yaxlit yondashadi, ya’ni abituriyentlarni faqat baholar va test natijalariga ko‘ra emas, balki shaxsiy va kasbiy jihatlariga asoslanib ham baholaydi.
AQSH universitetlariga hujjat topshirish bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Odatda, yil davomida to‘rt marta ariza topshirish mumkin.
Grant dasturlari. “Fulbright Foreign Student” grantini barcha xarajatlarni, jumladan TOEFL va GRE imtihonlari xarajatlarini ham qoplab beradi, shuningdek stipendiya ajratadi. Jami grant miqdori — $130 ming.
“Fulbright” magistratura talabalari va tadqiqotchilar uchun AQShda tahsil olish va ilmiy izlanish olib borish imkoniyatini yaratadi. Dastur 160 dan ortiq mamlakatda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning doirasida har yili 4 ming nafar talaba tanlab olinadi, shundan o‘rtacha 3 nafari o‘zbekistonlik bo‘ladi.
Jahon Bankining — Joint Japan/World Bank graduate scholarship program dasturi. Faqat 24 ta universitet uchun grant ajratadi, ular orasida Harvarddagi magistratura dasturi ham ishtirok etadi.
Forte Fellowship esa yuqori akademik natijalarga, kuchli yetakchilik qobiliyatiga va katta potensialga ega ayollarga taqdim etiladigan grant. Stipendiyasi tanlab olingan nomzodlarga o‘qish to‘lovi uchun to‘liq yoki qisman ($5-$140 minggacha) moliyaviy yordam ko‘rsatishi mumkin.
Koreya
Oliygoh. Koreyada ta’lim olayotgan magistrant Sitora Maxsudinova o‘zi ta’lim olayotgan Ajou universiteti haqida gapirib bergan bo‘lsa, aynan shu davlatning Kukmin universiteti (Kookmin University) IT-Biznes yo‘nalishidagi magistrant Suhrob Abdullayev o‘zining oliygohi haqida hikoya qilgandi.
Koreya davlat oliygohlariga elchixona orqali 3 ta universitetga hujjat topshirish mumkin bo‘lib, bu jarayon 3 ta bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichida, hujjatlar O‘zbekistondagi Koreya markazlariga borib topshiriladi, ikkinchi bosqichda esa masʼul xodimlar tomonidan hujjatlar ko‘rib chiqiladi. Eng oxirgi bosqichda esa suhbat, ya’ni intervyu jarayoni bo‘lib o‘tadi.
Intervyu koreys tilida amalga oshiriladi. TOPIK bali yuqori bo‘lishi bu jarayonda sizga ko‘mak beradi.
Grant dasturlari. “GKS” (Global Korea Scholarship) granti — Koreya davlati tomonidan har yili xorijlik talabalarga taqdim etiladigan stipendiya dasturi. Ushbu grant Koreyada bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta’lim olishni istagan talabalar uchun ajratiladi.
Bu yerda eng muhimi GPA 80 dan kam bo‘lmasligi va talabgorda TOPIK (3dan yuqori) yoki IELTS (% til darajasiga bog‘liq bo‘ladi) sertifikati bo‘lishi kerak.
KOICA granti — magistratura darajasida tahsil olish uchun o‘qish xarajatlarni 100% qoplaydi, bu esa talabalarga moliyaviy tashvishlarsiz o‘qish imkonini beradi. Magistrantlarga oyiga taxminan 600 ming Koreya voni ($450−500 atrofida) stipendiya ajratiladi. Bu esa yashash xarajatlarini qoplashga yordam beradi.
Malayziya
Oliygoh. Hozirda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida joylashgan Taylor’s universitetining kommunikatsiya yo‘nalishi magistranti Muslimbek Akramov oliygohi ulardagi ta’lim tizimi haqida hikoya qilgandi.
Universitetga hujjat topshirish jarayonida bakalavr diplomi, baholarimni tasdiqlovchi hujjatlar, IELTS sertifikati va motivatsion insho talab qilindi. Bu jarayonda akademik tavsiyanomalar ham katta rol o‘ynadi.
Grant dasturlari. Malaysia International Scholarship (MIS) — Malayziya hukumati tomonidan tashkil etilgan nufuzli xalqaro grant dasturlaridan biri bo‘lib, magistratura hamda PhD ta’limi uchun beriladi.
Singapur
Oliygoh. Singapur milliy universiteti (NUS) ning Deep Learning yo‘nalishi PhD dasturida izlanish olib olayotgan Laziz Abdullayev ham PhD’ga qabul qilingani, oliygohga hujjat topshirish jarayoni haqida gapirib bergandi.
PhD dasturiga qabul uch bosqichdan iborat — hujjat topshirish, yozma imtihon va suhbat. Boshqa grant dasturlari kabi ushbu daraja uchun ham quyidagicha hujjatlar kerak bo‘ladi:
- a’lo baholar varaqasi;
- motivatsiya xati (statement of purpose);
- ikki tavsiyanoma;
- ma’lumotnoma (CV);
- IELTS yoki TOEFL sertifikati;
- GRE natijalari (ixtiyoriy tarzda);
- ilmiy maqolalar ro‘yxati.
PhD dasturlarida talabalarni nafaqat universitet, balki ularni ilmiy guruhiga qabul qiladigan professorlar ham tanlaydi. Shu sababli, tavsiyanomalar katta ahamiyatga ega.
Grant dasturlari. Universitet rasmiy saytida xalqaro talabalar uchun bir qator grantlar taqdim etilishi haqida ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, President’s Graduate Fellowship (PGF) stipendiyasiga barcha xorijiy va mahalliy nomzodlar doktorantura darajasi uchun ariza topshirishi mumkin.
Grant dastlab bir yilga ajratilib, o‘zlashtirish asosida keyingi yil uchun ham davom etishi mumkin. Nomzodlar talabaning fakulteti tomonidan ko‘rsatiladi. Talabalarga 3400−3600 Singapur dollari ($2620−2770) miqdorida oylik stipendiya beriladi.
NUS Research Scholarship granti ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan talabalarni doktorantura tadqiqot dasturlarida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. PhD dasturiga topshirilgan arizalar baholangach, nomzodlarga grant taklif qilinishi mumkin. Dastur xalqaro talabar uchun oyiga 2500−2700 SGD ($1926−2080) miqdorida stipendiya ajratadi.
Vengriya
Oliygoh. Eotvos Lorand universitetida tahsil olayotgan Barno Dusiyarova Vengriya ta’lim tizimi haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi. Oliyogohga hujjatlar topshirishda:
- pasport nusxasi;
- maktab shahodatnomasi, kollej diplomi, universitet diplomi va ilovasi (ingliz yoki venger tilida yoki tarjimasi bilan);
- til sertifikati (CEFR B2-C1 yoki IELTS 6−7);
- motivatsion xat (bir yoki ikki sahifadan oshmagan, asosan, tanlagan sohangizdagi muammo, yechim, kelajakdagi maqsadlar va nega aynan sizga bu grant berilishi kerakligi haqida);
- tibbiy ma’lumotnoma;
- rasm (olinganiga ikki yildan oshmasligi kerak);
- tavsiyanoma;
- CV (Europass formatida — uni havola orqali bepul yaratish mumkin) kerak bo‘ladi.
Grant dasturlari. Stipendium Hungaricum Vengriya tomonidan moliyalashtirilgan va hukumatlararo hamkorlik orqali nomzodlar saralab olinadigan dastur hisoblanadi.
Grant uchun arizalar har yilning kuz-qish mavsumida qabul qilinadi. Bakalavr bosqichi 1−2 yil, magistratura — 1,5−2 hamda doktorantura 4 yoki 6 yil davom etadi. Bundan tashqari, grant bir yillik tayyorlov kursini ham o‘z ichiga oladi, qabul qilinganlar venger tiliga hamda ixtisoslik bo‘yicha o‘qitiladi.
Grant g‘oliblari quyidagi imtiyozlarga ega bo‘ladi:
- o‘qish to‘lovi to‘liq qoplab beriladi;
- tayyorlov kurslari, bakalavriat, magistratura va bir bosqichli magistratura talabalariga o‘qish yakunlangunga qadar bepul turar joy va oyiga 130 yevro miqdorida stipendiya;
- PhD tadqiqotchilariga birinchi va to‘rtinchi semestr uchun har oyda taxminan 450 yevro, besh va sakkizinchi semestr har oyda taxminan 580 yevro miqdorida stipendiya beriladi.
