Andijon shahrida yashovchi fuqaro foydasiga 1,9 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya mablag‘lari undirib berildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, fuqaro Y.X. Andijon shahrida joylashgan ikki qavatli, qurilishi tugallanmagan savdo do‘koni buzib tashlangani yuzasidan adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
Unga ko‘ra, kelishuv mavjud bo‘lishiga qaramay, kompensatsiya pullarining bir qismi hanuzgacha to‘lab berilmagan.
Murojaat o‘rganib chiqilib, fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga da‘vo arizasi kiritilgan.
Sud javobgardan fuqaro foydasiga 1 mlrd 913,7 mln so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lab berish haqida qaror chiqardi.
Shundan so‘ng, belgilangan mablag‘lar undirilib, fuqaroga yetkazib berilgan.
Avvalroq Centrum Air xatosi bilan Istanbulda qolib ketgan yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lab berilgandi.
