Avvalroq prezident 2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlashda qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, kelasi yil uchun qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi. Unga ko‘ra, ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar 2-yanvar (juma), 28-may (payshanba), 29-may (juma) hamda 31-avgust (dushanba) kunlari dam oladi.

Shuningdek, olti kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun 3-yanvar (shanba), 30-may (shanba) va 31-dekabr (payshanba) qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilandi.

Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, 2026-yilda ayrim bayram kunlari dam olish kunlariga to‘g‘ri kelgani sababli ko‘chiriladi:

  • 8-mart — Xotin-qizlar kuni yakshanbaga to‘g‘ri kelgani uchun — 9-mart (dushanba) ga;
  • 21-mart — Navro‘z bayrami 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba kuniga to‘g‘ri kelgani uchun — 23-mart (dushanba) ga;
  • 9-may — Xotira va qadrlash kuni shanbaga to‘g‘ri kelgani sabab — 11-may (dushanba) ga.

Bundan tashqari, farmon bilan besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 2026-yilda 12-dekabr — shanba kunidan 31-dekabr — payshanba kuniga ko‘chiriladi.

Avvalroq Bandlik vazirligi qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi takliflarni kiritgani ma’lum bo‘lgandi. Unda 31-dekabr, 2 va 3-yanvar kunlari qo‘shimcha dam olish kuni etib ko‘rsatilgan.