Janubiy Koreyaning AHA Co., Ltd kompaniyasi Farg‘ona viloyatiga $20 mln sarmoya kiritadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniya rahbari Ku Gi Do boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda kompaniya tomonidan Farg‘ona shahridagi Ekoshahar hududida amalga oshirishga kirishilayotgan investitsion loyiha bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Yangi korxonada ichki bozor va eksport uchun interaktiv elektron doskalar, elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar, tibbiy jihozlar va boshqa turdagi mahsulotlar mahalliy tarzda ishlab chiqariladi. Korxona kelgusi yildan faoliyat boshlashi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda kompaniya rahbari korxonani qurilishiga kirishilayotganligi, smeta loyihalari bo‘yicha mahalliy hamkorlar bilan ishlar olib borilayotganligi haqida ma‘lumot berdi.

Shuningdek, shourum va ko‘rgazmalar uchun Koreyadan mahsulotlar keltirilganligi bildirildi.

Viloyat hokimi AHA Co., Ltd kompaniyasi loyihasini amalga oshirishda barcha zarur yordam ko‘rsatilishini ta‘kidladi. Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilanib, amaliy chora-tadbirlar kelishib olindi.

Noyabr oyida Janubiya Koreyaning Hansae Mobility kompaniyasi Farg‘ona viloyatida avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishi haqida xabar berilgandi.


Avvalroq Vengriya kompaniyasi Sirdaryoda texnopark ochib, $300 mln investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.