Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni to‘qimachilik sanoatida 2025-yil yakunlari hamda kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilda tarmoqda erishilgan natijalar, ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarining o‘sish dinamikasi hamda 2026-yilga mo‘ljallangan maqsadli rejalar ko‘rib chiqildi.

2025-yilda to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish hajmi 134 trln so‘mga, xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish $2,1 mlrdga, eksport hajmi esa 2,5 mlrdga yetgan, bu esa o‘tgan yilga nisbatan o‘sishni ta’minladi. Tarmoqda band aholi soni 623 ming nafarga yetgani, kelgusi yilda uni 650 ming nafargacha oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.

2026-yilda paxta xomashyosini qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish hamda gazlama, trikotaj va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish ko‘zda tutilgan. Mahsulot ishlab chiqarish hajmini 147 trln so‘mga, eksportni esa $3,3 mlrdga yetkazish maqsad qilingan.

Tarmoqqa $2,2 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish reja qilingan. Buning evaziga 207 ming tonnalik sintetik, aralash ip, 397 mln kv.metrlik gazlama, 224 mln dona tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hamda 108 mln kv.metr mato bo‘yash bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlar barpo etiladi.

Shu bilan birga, tarmoqni barqaror rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim omillar ham qayd etildi. Paxta tolasiga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanayotgani, moliyaviy resurslar qiymatining yuqoriligi, tashqi bozorlarda logistika xarajatlari ortishi va ayrim yo‘nalishlarda malakali mutaxassislar yetishmasligi dolzarb vazifalar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

Bu muammolarni hal etish maqsadida 2026-yil uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Korxonalarga aylanma mablag‘ uchun $200 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratish, 138 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish, 100 ta yangi korxonani eksport faoliyatiga jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi. Better Work, BCI, FWF, Organic EU kabi dasturlar 60 ta korxonada tatbiq etiladi, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari 15 ta korxonada joriy qilinadi. Shuningdek, tayyor mahsulotlar sifati bo‘yicha 24 turdagi tahlillarni o‘tkazuvchi zamonaviy to‘qimachilik laboratoriyasi tashkil etiladi.

Tarmoqda raqamlashtirishni jadallashtirish, ERP tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonga 40 ta korxona jalb etiladi.

Xorijiy hamkorlikni kengaytirish doirasida xalqaro sorsing kompaniyalari va yirik brendlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, marketing tadqiqotlari va xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish, xorijiy korxonalar relokatsiyasini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan.

Davlat rahbari taqdim etilgan yondashuvlarni ma’qullab, tarmoqda tayyor mahsulot ulushini izchil oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, investitsiya va eksport salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha mas’ullar oldiga aniq vazifalarni qo‘ydi.

Barcha chora-tadbirlar tarmoqni barqaror, raqobatbardosh va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan tizimga aylantirishga xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.

Avvalroq Spot to‘qimachilik kompaniyalari uchun ijtimoiy soliq 1% etib belgilangani haqida yozgandi. Klasterlarga paxta hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha 377 mlrd so‘mlik penya summalari hisobdan chiqariladi.