Tadqiqotchilar O‘zbekistondagi avtomobil raqamlarini aniqlash tizimidan parolsiz foydalanish mumkinligini aniqladilar. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.

Tizimdagi zaiflikni aniqlagan kiberxavfsizlik sohasi mutaxassisi Anurag Sen raqamlarni kuzatish tizimi parolsiz internetda ochiq ekanligini aniqladi, bu esa istalgan kishiga unda saqlanayotgan ma’lumotlarga kirish imkonini beradi.

Videokuzatuv tizimi qancha vaqtdan beri ommaga ochiq bo‘lgani noma’lum, ammo undagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, uning ma’lumotlar bazasi 2024-yil sentabr oyida yaratilgan va yo‘l harakati monitoringi 2025-yil o‘rtalarida boshlangan.

Ushbu nashr raqamli kuzatuv tizimlarining parda ortidagi ishini ko‘rsatib, milliy avtomobil raqamlarini kuzatish tizimlari qanday ishlashi, ular qanday ma’lumotlarni yig‘ishi va butun mamlakat bo‘ylab millionlab odamlarning joylashuvini aniqlashda bu ma’lumotlardan qanday foydalanish mumkinligi haqida noyob tasavvur beradi.

Sen joriy oy boshida O‘zbekistondagi avtomobil raqamlarini kuzatish uchun ishlatilayotgan zaif videokuzatuv tizimini aniqlaganini ma’lum qildi va xavfsizlik buzilishi tafsilotlarini TechCrunch bilan bo‘lishdi.

Uning TechCrunch’ga aytishicha, tizimning ma’lumotlar bazasi kameralarning aniq joylashuvini oshkor etadi hamda o‘tayotgan avtomobillarning millionlab fotosurati va ishlov berilmagan videoyozuvlarini o‘z ichiga oladi.

Tizim Toshkentdagi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan boshqariladi. Mazkur departament dekabr oyida xavfsizlik tizimidagi nosozlik haqida izoh so‘rab yuborilgan elektron xatlarga javob bermadi.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumatining Vashington va Nyu-Yorkdagi vakillari ham TechCrunch’ning ma’lumotlar sizib chiqishi to‘g‘risidagi elektron xatlariga javob bermadi.

O‘zbekistonning kompyuter hodisalariga tezkor javob berish guruhi — UZCERT ham tizim haqidagi ogohlantirishga munosabat bildirmadi, faqatgina elektron xat qabul qilinganligini tasdiqlovchi avtomatik javob yuborish bilan cheklandi.

Qayd etilishicha, kuzatuv tizimi maqola yozilgan vaqtda hamon internetda ochiq holda qolmoqda.

Tizim o‘zini Xitoyning Shenchjen shahrida joylashgan Maxvision kompaniyasining “aqlli yo‘l harakatini boshqarish tizimi” sifatida taqdim etadi. Maxvision yo‘l harakatini boshqarish, chegara nazorati tizimlari va videokuzatuv qurilmalari uchun internet texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi.

LinkedIn’dagi videorolikda kompaniya o‘z kameralarini “chegarani noqonuniy kesib o‘tishning butun jarayonini yozib olish” hamda “noqonuniy va tranzit harakatlar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida aks ettirish” imkoniyatiga ega ekanini ta’kidlaydi.

Kompaniya taqdimot materiallariga ko‘ra, Maxvision o‘zining xavfsizlik va videokuzatuv texnologiyalarini butun dunyo bo‘ylab turli mamlakatlarga, jumladan Burkina-Faso, Quvayt, Ummon, Meksika, Saudiya Arabistoni va O‘zbekistonga eksport qiladi.

TechCrunch tomonidan buzilgan tizimdan olingan ma’lumotlar tahlili O‘zbekistonning yirik shaharlarida, shuningdek, gavjum chorrahalar va boshqa muhim transport magistrallarida joylashgan kamida yuzta kamerani aniqladi.

avtomobil raqami, avtomobillar, kuzatuv, o'zbekiston

Foto: TechCrunch

Nashr kameralarning GPS koordinatalarini xaritaga kiritdi va Toshkentda, janubdagi Jizzax hamda Qarshi shaharlarida, sharqdagi Namanganda avtomobil raqamlarini o‘qiydigan qurilmalar qatorlarini aniqla. Ba’zi kameralar qishloq joylarda, xususan, bir paytlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaraning bahsli hududlari yaqinidagi yo‘llarda o‘rnatilgan.

Mamlakatning eng yirik shahri Toshkentda kameralar o‘ndan ortiq joyga o‘rnatilgan. Bu kameralarning ba’zilari hatto Google Street View xizmatida ham ko‘rinadi.

avtomobil raqami, avtomobillar, kuzatuv, o'zbekiston

Ba’zi kameralar suratga olingan materialni Singapur kamera ishlab chiqaruvchisi Holowits nomi bilan suv belgisi bilan belgilaydi, qoidalarni buzgan transport vositalarining video va fotosuratlarini 4K aniqligida suratga oladi.

TechCrunch’ning qayd etishicha, kameralar haydovchilardan birining Toshkent, Chirchiq va Eshonguzor o‘rtasida 6 oydan ortiq vaqt davomida harakatlanishini kuzatishga muvaffaq bo‘lgan.

Ochiq tizim o‘zining veb-interfeysiga kirish imkonini beradi. Ushbu interfeys yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari videoyozuvlarini ko‘rib chiqish imkonini beruvchi boshqaruv panelini o‘z ichiga oladi.

Boshqaruv panelida qoidabuzarliklarning kattalashtirilgan suratlari va ishlov berilmagan videoyozuvlari, shuningdek, atrofdagi transport vositalarining tasvirlari mavjud. (TechCrunch nashr qilishdan oldin transport vositalari raqamlari va yo‘lovchilar ismlarini tahrirlagan.)

O‘zbekistonning milliy raqam belgilarini o‘qish tizimi haqidagi ma’lumotlarning oshkor etilishi yo‘llardagi kuzatuv kameralari bilan bog‘liq xavfsizlikning buzilishiga oid so‘nggi misoldir.

Joriy yilning boshida Wired nashri AQSH bo‘ylab 150 dan ortiq avtomobil raqamlarini o‘qish qurilmalari va ular tomonidan real vaqt rejimida to‘planayotgan transport vositalari haqidagi ma’lumotlar hech qanday himoyasiz internetga joylashtirilgani aniqlanganini xabar bergandi.