Startup Garage venchur studiyasi Bito O‘zbekiston B2B platformasidagi o‘z ulushining bir qismini Qozog‘istonning MOST Ventures fondiga sotadi. Bu haqda Spot’ga akselerator matbuot xizmati xabar berdi.
Bitim “brij-raund” — startapga sarmoya kiritishning asosiy bosqichlari o‘rtasidagi oraliq bosqich doirasida amalga oshirildi. Rivojlanishning dastlabki bosqichlarida Bito jamoasiga hamrohlik qilgan va uning akseleratsiyasini amalga oshirgan Startup Garage o‘z ulushidan qisman chiqib ketdi.
Moliyalashtirish hajmi oshkor etilmadi. Shunga qaramay, transchegaraviy bitim doirasida kompaniya bahosi $10 mlnni tashkil etdi — bu joriy yil fevral oyidagidan uch barobar yuqori.
Jalb etilgan mablag‘lar hududiy kengayish va mahsulotni yanada rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Ishlab chiquvchilar biznes jarayonlarini optimallashtirish va kichik biznesning operatsion samaradorligini oshirishga qaratilgan yechimlar ekotizimini shakllantirishda davom etadilar.
Bito resurslarni rejalashtirish tizimi (ERP), fintech yechimlari va sun’iy intellektni kichik va o‘rta korxonalar uchun yagona operatsion platformaga birlashtiradi. U savdo, moliya, ombor hisobi, HR, to‘lovlar, bo‘lib to‘lash va tahlil sohalarini qamrab oladi.
Integratsiyalashgan yechim kompaniyalarga operatsion faoliyatni tizimlashtirish, shaffoflikni oshirish va aniq ma’lumotlar asosida qarorlar qabul qilishga yordam beradi. MOST Ventures ishtirokidagi raund mintaqaviy investorlarning O‘zbekiston loyihalariga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.
“Ushbu transchegaraviy bitim mustahkam fundamental tamoyillar va organik o‘sish asosida qurilgan Markaziy Osiyo startaplari tezda kengayish va institutsional kapitalni jalb qilishga qodir ekanligini ko‘rsatadi. Bito reytingining o‘sishi intizomli ijro va haqiqiy bozor talabi natijasidir”, — dedi Startup Garage asoschisi Muhammad Xalil.
Raund yopilgandan so‘ng, Bito mintaqa bozorlarida kengayishni tezlashtirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya biznes uchun SaaS-provayder mavqeini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston bozorlariga e’tibor qaratadi.
Avvalroq Uzum Amerikaning VR Capital investitsiya fondidan 300 mlrd so‘m jalb qilgani haqida xabar berilgandi.
Mablag‘lar raqamli banking, to‘lovlar va isteʼmol kreditlarini o‘z ichiga olgan fintechni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
