Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (O‘zatom) qoshidagi Atom elektr stansiyasini qurish direksiyasi O‘zbekistondagi AES qurilishi loyihasi nima uchun cho‘zilganini tushuntirib berdi. Bu haqda 23-dekabrda AES qurilishi direksiyasi direktor o‘rinbosari Otabek Amanov jamoatchilik eshituvlarida ma‘lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.

2018-yil sentabrda O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari AES qurilishi bo‘yicha kelishuv imzoladi. 2019-yil yanvarda tomonlar mamlakatning bir nechta hududlarida muhandislik-qidiruv ishlarini o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar tuzdi: Buxoro viloyatidagi To‘dako‘l ko‘li yaqinida, Navoiy viloyati hududida va Jizzax viloyatidagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi yaqinida.

Barcha yo‘nalishlardagi qidiruv ishlari, shu jumladan muhandislik-geologik, gidrogeologik, gidrometeorologik ishlar 1,5 yil davomida olib borildi. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) talablari va takliflariga ko‘ra, 2019-yil mayda Jizzax viloyatida ustuvor va zaxira maydonchalar tanlandi.

2019-yildan 2021-yilgacha O‘zbekiston tanlangan maydonlarda keng qamrovli qidiruv ishlarini olib bordi. 2021-yil dekabrda texnik loyiha uchun qidiruv ishlari natijalari tasdiqlandi, shuningdek ustuvor maydoncha belgilandi.

“Shundan so‘ng [Rosatom bilan] muzokara bosqichi boshlandi. Ochig‘ini aytganda, muzokara murakkab kechdi. Muzokara yakunlari bo‘yicha 2024-yil mayda biz [kichik AES bo‘yicha] asosiy kelishuvni imzoladik”, — dedi AES qurilishi direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari.

Shu yilning aprel oyida AES qurilish maydonida qurilish-montaj bazasi, vaxta shaharchasi va infratuzilma ob‘yektlarini qurish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi.

aes, atom energetikasi, karantin, o‘zatom, rosatom, rossiya

Dastlab 2028-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan AES qurilishi loyihasining cho‘zilishi sabablariga oid fuqarolar savoliga javob berib, Otabek Amanov O‘zatom rossiyalik pudratchilar bilan birgalikda COVID-19 pandemiyasi davrida ishlarni to‘xtatmaslikka imkon qadar harakat qilganini ta‘kidladi.

“Biroq 2020−2021-yillardagi karantin davrida chegaralar yopildi, bizning pudratchilarimiz va mutaxassislarimiz asosan chet eldan kelishadi. [COVID-19 pandemiyasi] va [Rosatom bilan] cho‘zilgan muzokara tufayli biz rejani 2028-yildan 2029-yilga ko‘chirishga majbur bo‘ldik. Biz rejalarimizni amalga oshirish uchun bor kuchimizni safarbar etamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Amanov.

9-oktabrda O‘zbekistonda kichik AES qurishning asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida RITM-200N reaktorli energoblok uchun kotlovan qazish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Spot, avvalroq, Rosatomga qarshi sanksiyalar O‘zbekistondagi AES qurilishiga ta‘sir ko‘rsatmasligi haqida yozgandi.