O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi doirasida aholi ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda 23-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan jamoatchilik eshituvlariida O‘zatom agentligi huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori o‘rinbosari Otabek Amanov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
U fuqarolarni ko‘chirish ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, loyiha doirasida 1 km radiusda sanitariya zonasi ko‘zda tutilganini aytdi. Amanovning so‘zlariga ko‘ra, stansiya qurilayotgan hudud yaqinida aholi yashash punktlari mavjud emas.
“Infratuzilma, jumladan, yo‘llar qurilishiga [uy-joylar] to‘g‘ri kelsa, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq ravishda uy-joy uchun kompensatsiya beriladi va aholini ko‘chiriladi. Yana bir bor ta’kidlayman, bu faqat yo‘l yoki boshqa qurilish obyektlari barpo etilishi zarur bo‘lgan holatlar hamda sanitariya zonasining 1−3 km radiusiga to‘g‘ri kelgandagina mumkin”, — dedi direksiya boshlig‘i o‘rinbosari.
Otabek Amanovning ta’kidlashicha, Xonbandi va Uchquloch kabi yaqin aholi punktlarida yashovchi fuqarolar uchun ko‘chirish xavfi mavjud emas.
Shuningdek, uning qayd etishicha, aholini ko‘chirish masalasi faqat AESning sanitariya zonasida yashayotganlar bo‘yicha ko‘rib chiqilishi mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasi nega cho‘zilgani haqida yozgandi.
