Pekinda odamsimon robotlarni o‘qitishga mo‘ljallangan markaz o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda People’s Daily Online xabar berdi.

Bu g‘ayrioddiy ta’lim muassasasining maqsadi ishlab chiqarish korxonalari, tibbiyot muassasalari va kundalik turmushda faoliyat yuritadigan yuqori malakali mexanik yordamchilarni tayyorlashdan iborat.

Markaz ikki qavatni egallab, laboratoriyadan ko‘ra ko‘proq suratga olish maydonchasini eslatadi. U yerda ishlab chiqarish liniyalari, yashash xonalari va logistika terminallarining asl o‘lchamdagi aniq nusxalari qurib bitkazilgan.

Robotlarning eng asosiysi bo‘lgan, bo‘yi 1,66 metr “Kuafu” modeli, haqiqiy ish joylaridan farqlanmaydigan sharoitlarda o‘z ko‘nikmalarini takomillashtirmoqda.

Sinf modullari turli ssenariylarni taqlid qilish uchun doimiy ravishda konfiguratsiyasini o‘zgartirib boradi.

O‘qitish individual mashg‘ulotlar prinsipi bo‘yicha quriladi. Har bir robotga ikkita odam-instruktor biriktirilgan. Ulardan biri VR garniturasi yordamida robotning harakatlarini masofadan turib boshqaradi, ya’ni “qo‘lidan yetaklaydi”.

Ikkinchisi bu vaqtda sensorlarning ko‘rsatkichlarini diqqat bilan kuzatib boradi va ma’lumotlarni yozib oladi. Bir necha soatdan so‘ng murabbiylar tajribaning tozaligi uchun rollarni almashtiradilar.

“Robotlarga ham, xuddi bolalarga o‘xshab, aqlni rivojlantirish uchun turli vaziyatlarda doimiy ravishda mashq qilish kerak”, deya tushuntiradi markaz rahbari Chju Kay.

O‘rganish jarayoni nihoyatda katta sabr-toqatni talab etadi. Robotga tovani ehtiyotkorlik bilan plitaga qo‘yishni o‘rgatish uchun murabbiylar bu harakatni 1250 marta takrorlashga majbur bo‘lishdi. Robotning xatti-harakatlari ravon va aniq bo‘lishi uchun har bir harakat tarkibiy qismlarga ajratildi, qayd etildi va tahlil qilindi.

Bitta murakkab ssenariyni o‘zlashtirish uchun eng tajribali murabbiylarga ham 7−8 kun vaqt ketadi. Markazda 110 nafar yosh mutaxassis faoliyat yuritadi, ularning sabr-matonati va tafsilotlarga e’tibori asosiy boylik hisoblanadi.


Avvalroq Xitoyda odamsimon robot universitetga o‘qishga kirgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u Shanxay teatr akademiyasida “Drama va kino” ixtisosligi bo‘yicha doktoranturada ta’lim oladi.