25-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev 2026-yil uchun (O‘RQ-1105-son) davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Qonun kelasi yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Unga ko‘ra, 1-darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga O‘zbekistonning respublika budjetidan ushbu qonunga muvofiq ajratiladigan budjet mablag‘laridan faqat 2026-moliya yili davomida foydalaniladi va ular kelgusi moliya yiliga o‘tkazilmaydi.
2026-yil uchun mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam, tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning cheklangan stavkalari tasdiqlandi.
Shu bilan birga, chet davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘imlarning miqdorlari belgilandi.
2026-yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3%i miqdorida belgilandi.
Ushbu hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 5-dekabr kuni qabul qilingan hamda Senat tomonidan 18-dekabr kuni ma’qullangan. Qonun 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.
