Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Kelgusi yilda iqtisodiyotda 6,6% o‘sishni ta‘minlab, yalpi ichki mahsulotni $167 mlrdga yetkazish prognoz qilinmoqda.

Agar mehnat unumdorligi, energiya samaradorligi va tannarx bo‘yicha qattiq ishlansa, bu ko‘rsatkichni yana-da oshirish uchun barcha imkoniyatlar bor. Shu bois, sanoatda “Unumdorlik va samaradorlikni ikki karra oshirish” dasturi boshlanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mehnat unumdorligi va energiya samaradorligi bo‘yicha alohida loyiha amalga oshiriladi.

Ushbu loyihaga xalqaro moliya institutlaridan $200 mln kredit va grant jalb qilinib, sanoat korxonalari uchun xorijdan yuqori malakali texnolog va muhandislar olib kelinadi, biznes jarayonlari raqamlashtiriladi, energiya va boshqa xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha auditlar o‘tkaziladi, ilg‘or texnologiyalar transfer qilinadi.

Bu borada To‘rtinchi sanoat inqilobi markazi tashkil qilinadi. Markaz negizida robototexnika, buyumlar interneti, aqlli fabrika kabi Industriya 4.0 yechimlarini sanoat korxonalarida joriy etish uchun tartibga solish mexanizmi yaratiladi.

Bunda korxonalar yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishdan oldin ularni sinovdan o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.

Akkreditatsiya, metrologiya va standartlashtirish sohalaridagi islohotlar natijasida O‘zbekiston Global sifat infrastrukturasi indeksida so‘nggi ikki yilda 15 pog‘ona yuqorilab, 52-o‘ringa ko‘tarildi.

“Bu albatta yaxshi! Shu bilan birga, mahsulotlarimiz raqobatdoshligini yana-da oshirish uchun texnik tartibga solish sohasini yangi bosqichga olib chiqamiz. Buning uchun „Davlat nazorati“ tizimidan xalqaro tajribada yuqori samara bergan „Bozor nazorati“ tizimiga o‘tamiz”, — dedi prezident.

Innovatsiya asosida yuqori texnologik mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalar rag‘batlantiriladi. Korxona mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromadi soliqdan ozod qilinadi.

Ana shunday islohotlar orqali kelgusi besh yilda sanoatda mehnat unumdorligi $30 mingga yetkaziladi, $1 minglik qo‘shilgan qiymat yaratishga ketadigan energiya sarfi 1,5 barobar kamaytiriladi.