Toshkent uchun dizayn-kod ishlab chiqildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

25-dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qurilish, kommunal xo‘jalik, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxt dizayn-kodini joriy etish va qo‘llashni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjat ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Unga ko‘ra, dizayn-kodni tartibga soluvchi ilovalar tez kunda regulation.gov.uz platformasida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, aholi va mutaxassislar fikr-mulohazalari, takliflar va savollar kiritilishi uchun e’lon qilinadi.

Toshkent shahrining dizayn-kodi Citymakers International va Toshkent Invest Kompaniyasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

“Hujjat yaxlit, qulay va xavfsiz shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, poytaxtdagi binolar va jamoat joylarining tashqi ko‘rinishi uchun yagona va tushunarli qoidalarni belgilaydi, shuningdek, shahar muhitining yangi madaniyatini — jonli, tartibli va ko‘rkam ko‘rinishni shakllantiradi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Citymakers International yirik shaharlar va aglomeratsiyalarda, jumladan Moskva, Sankt-Peterburg, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlari hududlarida shunday yechimlarni joriy etish tajribasiga ega. Bu Toshkentning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, eng yaxshi xalqaro va mintaqaviy amaliyotlarni moslashtirish imkonini bergan.

Dizayn-kodini tartibga solishning asosiy yo‘nalishlari:

  • binolar arxitekturasi: materiallar, rang yechimlari, fakturalar, fasadlar, vitrinalar va kirish qismlarini bezash;
  • peshlavhalar va reklama: o‘lchamlari, shriftlari, yoritilishi va ruxsat etilgan joylashuvi;
  • obodonlashtirish: trotuarlar, ko‘cha yoritgichlari, o‘rindiqlar, axlat qutilari, ko‘kalamzorlashtirish elementlari;
  • ko‘cha elementlari: to‘siqlar, yo‘l ko‘rsatkichlari, jamoat transporti bekatlari, kichik me’moriy shakllar;
  • tarixiy muhit: yodgorliklar va tarixiy hududlarning me’moriy qiyofasini saqlab qolish chora-tadbirlari.

Ta’kidlanishicha, hujjat vizual tartibga solishdan tashqari, yondosh hududlardan oqilona va tartibli foydalanish masalalarini ham qamrab oladi, shuningdek, ijtimoiy va shahar ahamiyatini hisobga olgan holda alohida rejimli sayyohlik ko‘chalari ro‘yxatini belgilaydi.

Toshkent shahar hokimligi dizayn-kodning joriy etilishi tadbirkorlik faolligining qo‘shimcha o‘sishi, yondosh hududlardan yanada samarali va qonuniy foydalanish, biznes va aholi daromadlarini oshirish uchun sharoit yaratishi hamda shahar muhitining qulayligi va xavfsizligini oshirishini kutmoqda.

2024-yilning sentabrida poytaxt hokimligi shahar dizayn-kodini ishlab chiqish bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgandi. Undan ko‘chalar va hovlilarni bezatish, yo‘l ko‘rsatkichlari, ko‘cha jihozlari, jamoat joylarini loyihalash uchun foydalaniladi. Hokimlikning qayd etishicha, aholi ishtiroki dizayn-kodni samarali va sifatli bo‘lishiga, shahar muhitini barcha uchun qulay qilishga yordam beradi.

Joriy yilning iyul oyida Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov Moskvaning dizayn-kodini ishlab chiqqan Britaniyaning Atlas kompaniyasi Toshkent uchun xuddi shunday hujjat tayyorlagani, unda fasadlar, yo‘laklar va yashil hududlarga yagona talablar belgilanganini ma’lum qildi.

Avvalroq sovuq ob-havo sababli Toshkentda avtobuslar uchun metan “zapravka"lar soni qisqartirilgani haqida xabar berilgandi.