Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun dasturning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi ekanligi ma’um qilindi.
Prezident yaqinda texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirish bo‘yicha besh yillik dastur tasdiqlangani qayd etdi.
“Mening niyatim — yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatdosh bo‘lsin, kerak bo‘lsa, boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida kasbiy ta’limning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz”, — dedi prezident.
Buning uchun 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi.
Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida faoliyat yuritsa, “Kasblar shaharchasi” maktab o‘quvchilarini qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Texnikum va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga olib chiqiladi. Xususan, “dual ta’lim” asosida o‘qitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 mlrdso‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha 5 ball beriladi.
Korxonalar ishga olgan texnikum o‘quvchisi uchun 1%li ijtimoiy soliq imtiyozi yana uch yilga uzaytiriladi.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab texnikumlarda “dual ta’lim” asosida ta’lim olayotgan 100 ming o‘quvchiga ilk bor stipendiya to‘lanadi. “A'lo” baholarga o‘qiyotgan, tanlagan kasbini puxta egallayotgan o‘quvchilarga esa oshirilgan miqdordagi stipendiyalar beriladi.
Iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega kadrlarni tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Jizzax politexnika institutini Vengriyaning nufuzli “Abuda” universiteti boshqaruviga berishga qaror qilindi. O‘zbekistonda “Sukuba” milliy universiteti bilan hamkorlikda aniq fanlar bo‘yicha yangi oliygoh tashkil qilish haqida kelishib olindi.
Bu tajriba davom ettirilib, aniq fanlar va texnika yo‘nalishidagi oliygohlarga dunyoning eng nufuzli universitetlari jalb qilinadi. Yana bir masala sifatida mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy ma’lumotli kadrlar kirib kelayotgani ta’kidlandi.
Endi oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratiladi. Unda talabalarning akademik ko‘rsatkichlari va korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “onlayn” tarzda ko‘rinib turadi.
Ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘ziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.
Avvalroq Spot 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.
2030-yilgacha 250 ta texnikumda xalqaro dasturlar yo‘lga qo‘yiladi va o‘qituvchilar xorijda malaka oshiradi.
