Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettirilishini taʼkidladi.
2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi. Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 240 ta ma‘lumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.
Platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va ko‘rib chiqish muddatini nazorat qilish sun‘iy intellekt orqali amalga oshiriladi.
“Eng muhimi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratamiz. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda ko‘rsatish tizimini rivojlantiramiz”, — dedi davlat rahbari.
Bugungi kunda Oliy Majlis eng kuchli parlamentlarga xos bo‘lgan barcha nazorat vakolatlariga ega. Xususan, 2023-yildan buyon tashqi qarz miqdorini parlament belgilab kelmoqda.
Prezident endi davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini ma‘qullashni ham Parlament vakolatiga o‘tkazishni taklif qildi. Bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanadi.
Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlari bir-biridan ajratilgan edi. Endi bu tizim 2026-yildan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yiladi.
“Ayni paytda ushbu jiddiy siyosiy islohot hokimlar va ijro idoralaridan Kengashlarga munosabatni mutlaqo o‘zgartirishni talab qiladi. Bundan buyon deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritiladi”, — dedi prezident.
Avvalroq davlat rahbari kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmi $240 mlrddan oshirishga barcha imkoniyatlar borligini aytgandi.
