Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat rahbari bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyot hajmini $100 mlrdga yetkazish juda katta marra bo‘lib ko‘rinishini taʼkidladi.
“Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz $145 mlrddan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning, barchamizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanimizni yaqqol namoyon etmoqda”, — dedi davlat rahbari.
Global savdo tizimida “o‘yin qoidalari” o‘zgarayotgan bir paytda joriy yil eksport 23%ga oshib, $33,4 mlrdga yetkazilishi ta‘kidlandi. Oltin-valyuta zaxiralari ilk bor $60 mrlddan oshdi.
Iqtisodiyotga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi $43,1 mlrdga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9%ni tashkil etmoqda.
Taʼkidlanishicha, bu — iqtisodiyot kelgusi yillarda ham yuqori sur‘atlar bilan barqaror o‘sib borishi uchun zamin bo‘ladi.
Yetakchi xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren reytingini “BB-"dan “BB” pog‘onasiga ko‘tardi.
“Bu gaplar ko‘pchilikka oddiy bir fakt bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin iqtisodchilar, investor va bankirlar gap naqadar katta natijalar haqida borayotganini juda yaxshi tushunib turibdi. Birgina ana shu o‘zgarish tufayli chetdan jalb qilinadigan resurslarning foiz stavkasi 1−1,5 punktga pasayib, tashqi qarz xarajati yiliga $250−300 mlnga kamayadi”, — dedi prezident.
Shuningdek, Jahon banki e‘lon qilib boradigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida O‘zbekiston 71 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, dunyoning TOP-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi.
Avvalroq prezident 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.
