Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026-yilda 23 trln so‘m resurs ajratilishi ma’lum qilindi.
Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2,7 trln so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15% ga oshiriladi.
Kelgusi yilda 140 mingta kvartirali ko‘p qavatli uy-joy barpo etilishi ro‘zg‘or uchun zarur iste’mol tovarlariga talabni oshirishi tabiiyligi qayd etildi. Bu talabni moliyaviy manbalar bilan ta’minlash maqsadida 2026-yilda 125 trln so‘mlik iste’mol krediti ajratiladi.
Umuman, 2026-yilda qurilish ishlari hajmini 11% ga ko‘paytirib, $30 mlrdga yetkazish reja qilingan.
