Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Ikki yil avval O‘zbekiston — 2030 strategiyasida yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilgacha $160 mlrdga yetkazish belgilangan edi.

“Ko‘rib turibsizlar, mavjud salohiyatimiz, bugungi islohotlarimiz, tadbirkorlarimizning faolligi, xorijiy sheriklarimiz bilan hamkorligimiz o‘sib borayotgani hisobiga ushbu marraga 2026-yilning o‘zida bemalol erisha olamiz”, — dedi davlat rahbari.

Taʼkidlanishicha, hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli bo‘lish uchun malakali kasb egalari va mutaxassislar, zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutmaslik lozim.

Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarni rivojlantirish, daromadli servislarni kengaytirish, bioinjeneriya, ilg‘or agrotexnika va suv tejovchi usullarni faol joriy etish muhimligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, “yashil” energetika, chiqindisiz ishlab chiqarish hamda ta‘lim va tibbiyotda ilg‘or xorijiy tajribalarni keng tatbiq etish zarurligi qayd etildi.

Shu va yangi texnologiyalar olib kirilib, kadrlar ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlansa, kelgusi besh yilda iqtisodiyot hajmini $240 mlrd dan oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta‘kidlandi.


Avvalroq 2025-yili O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti $145 mlrddan oshgani aytilgandi.