Prezidentning Mahalliy budjetlar va byudjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, byudjet intizomini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yildan QQSdan tushgan tushumlardan Toshkent shahar mahalliy budjetiga 5% va qolgan hududlar mahalliy budjetlariga 20% o‘tkaziladi.
Mahalliy budjetlarga kelib tushadigan QQS, foyda solig‘i va benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilishda to‘lanadigan aksiz solig‘i, davlat boji, jarima va yig‘imlar hisobidan tushadigan daromadlardan tuman (shahar)lar byudjetlariga ajratmalar me’yorlari belgilanadi.
Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga alkogol mahsulotlarini sotish uchun yig‘imlarning cheklangan stavkalarini 20% gacha oshirish vakolati beriladi, ushbu yig‘imlardan tushgan mablag‘lar esa to‘liq tuman (shahar) budjetlariga yo‘naltiriladi.
Qaror bilan tegishli tushumlar mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi va qo‘shimcha manba sifatida foydalaniladi.
Xususan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishdan davlat budjetiga o‘tkazilishi belgilangan mablag‘lar tegishli tuman (shahar)lar budjetlariga yo‘naltiriladi.
Dehqon bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlaridan budjetiga tushgan soliqlar ushbu sohadagi hamda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun mazkur bozorlar joylashgan tuman (shahar)lar budjetlariga o‘tkaziladi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilda soliq stavkalarini qanday o‘zgartirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Marketpleyslardagi sotuvchilar uchun soliqlar umumiy darajaga keltiriladi. Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlari KPI ko‘rsatkichlariga bog‘lab qo‘yiladi.
