Prezidentining “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reestri” va “Kambag‘al oilalar reestri” negizida yangi Ijtimoiy reestr joriy etiladi.
Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib quyidagi toifalarga ajratiladi:
- davlat ta’minotidagi oila — mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan, har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar;
- kambag‘al oila — mehnatga layoqatli yoki mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan, bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar;
- kambag‘allik chegarasidagi oila — bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining bir baravaridan bir yarim baravarigacha bo‘lgan oilalar.
Farmon bilan “Mahalla yettiligi"ga og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayrim oilalarni tavsiya asosida “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritish huquqi berildi.
Mazkur toifaga quyidagi oilalar kiritilishi mumkin:
- I va/yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yoki bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxs mavjud oilalar;
- boquvchisini yo‘qotgan yoki bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan oilalar;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar;
- oila a’zosi muddatli harbiy xizmatda yoki jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oilalar;
- oila a’zosi psixiatriya, narkologiya, sil kasalliklari dispanserlarida hisobda turgan, onkologiya markazlarida ro‘yxatda bo‘lgan yoki gematologiya, immunologiya, jigar va buyrak yetishmovchiligi kabi og‘ir kasalliklarga chalingan a’zosi mavjud oilalar;
- yong‘in, baxtsiz hodisa, tabiiy yoki texnogen favqulodda vaziyatlardan jabrlangan oilalar.
Mazkur mexanizm og‘ir vaziyatga tushib qolgan oilalarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga davlat tomonidan tezkor hamda manzilli yordam ko‘rsatishga qaratilgan.
Shuningdek, Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar uchun davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari yangi tartibda amalga oshiriladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam pullarini to‘lab borish oilalar toifasiga qarab quyidagicha bo‘ladi:
- davlat ta’minotidagi oilalarga — oila a’zolarining bandlik holatidan qat’i nazar uzluksiz;
- kambag‘allik chegarasidagi oilalarga — 6 oy davomida oila daromadiga qarab.
Bunda daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1−1,25 baravari bo‘lsa, bolalar nafaqasi va moddiy yordam pullari 75%, 1,25−1,5 baravari bo‘lsa — 50% miqdorida to‘lanadi.
Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish va hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgandi.
Prezidentning ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov O‘zbekistonda ishlamaydigan ayrim oilalar uchun nafaqa va yordam pullari to‘xtatilishini ma’lum qildi. Mehnatga layoqatli kambag‘al oilalar olti oy davomida ishlamasa yoki taklif etilgan ishlarni rad etsa, ularga nafaqa va ijtimoiy yordamlar bekor qilinadi, band bo‘lganlarga esa yordamlar saqlab qolinadi.
