Avvalroq prezidentning davlat xaridlarida raqobat va shaffoflikni ta‘minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yildan davlat buyurtmachilarining xarid rejalari eʼlon qilinganidan keyin ushbu maʼlumotlar avtomatik ravishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron xabarnoma tarzida yuboriladi.
Budjet buyurtmachilari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan mahalliy auksion savdolarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda savdolar boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan elektron auksion tartib-taomillari asosida ikki ish kuni muddatda eʼlon joylashtirish orqali shartnoma qiymati bilan bog‘liq cheklovlarsiz o‘tkaziladi.
Mahalliylashtirish darajasi 30% va undan yuqori bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar bilan budjet buyurtmachilari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar doirasida yetkazib beriladigan tovarlar uchun boj to‘lovlarini to‘lashga ruxsat beriladi.
Bunda boj to‘lovlari mahalliylashtirish darajasiga mutanosib hisoblanadi va ular miqdori korxonaning jami aktivlaridan oshmasligi shart.
Boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksionda bitta tadbirkorlik subyekti ishtirok etgan taqdirda, auksion o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
Agar eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida bitta tadbirkorlik subyekti ishtirok etsa, davlat buyurtmachisi xarid tartib-taomillari va mezonlarni o‘zgartirmasdan savdolarni qayta eʼlon qiladi.
Takroriy savdolarda ham yagona ishtirokchi o‘sha tadbirkorlik subyekti bo‘lgan taqdirda, bunday savdolar o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
Ushbu tartib “Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonun da belgilangan talablarga mos kelmaydigan va taklifni tegishli tarzda rasmiylashtirmagan eng yaxshi takliflarni tanlash ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Kelgusi yil 1-iyuldan davlat xaridlariga oid takliflarni davlat xaridlari elektron tizimi orqali faqat elektron shaklda baholash joriy etiladi.
Davlat buyurtmachilari tomonidan tovarlarni qabul qiluvchi shaxslarga ishonchnomalar davlat xaridlari elektron tizimi orqali elektron ko‘rinishda rasmiylashtiriladi.
Avvalroq prezident 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.
