Toshkent shahrining dizayn-kod loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
25-dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi komissiyasi yig‘ilishida shaharning yangi dizayn-kodi loyihasi ko‘rib chiqilib, qabul qilingandi.
Citymakers International va Toshkent Invest Kompaniyasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan loyiha ilovalari regulation.gov.uz portalida keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Poytaxt hokimligi dizayn-kod “poytaxtni yanada qulay, xavfsiz va estetik jihatdan go‘zal qilishga qaratilgan qoidalar” to‘plami ekanligini qayd etdi.
Loyiha quyidagi asosiy yo‘nalishlarni tartibga soladi:
- binolar arxitekturasi: materiallar, rang yechimlari, fakturalar, fasadlar, vitrinalar va kirish qismlarini bezash;
- peshlavhalar va reklama: o‘lchamlari, shriftlari, yoritilishi va ruxsat etilgan joylashuvi;
- obodonlashtirish: trotuarlar, ko‘cha yoritgichlari, o‘rindiqlar, axlat qutilari, ko‘kalamzorlashtirish elementlari;
- ko‘cha elementlari: to‘siqlar, yo‘l ko‘rsatkichlari, jamoat transporti bekatlari, kichik me’moriy shakllar;
- tarixiy muhit: yodgorliklar va tarixiy hududlarning me’moriy qiyofasini saqlab qolish chora-tadbirlari.
Ta’kidlanishicha, hujjat vizual tartibga solishdan tashqari, yondosh hududlardan oqilona va tartibli foydalanish masalalarini ham qamrab oladi, shuningdek, ijtimoiy va shahar ahamiyatini hisobga olgan holda alohida rejimli sayyohlik ko‘chalari ro‘yxatini belgilaydi.
Toshkent shahar hokimligi dizayn-kodning joriy etilishi tadbirkorlik faolligining qo‘shimcha o‘sishi, yondosh hududlardan yanada samarali va qonuniy foydalanish, biznes va aholi daromadlarini oshirish uchun sharoit yaratishi hamda shahar muhitining qulayligi va xavfsizligini oshirishini kutmoqda.
Loyiha bilan batafsil normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali tanishish mumkin. Havola bu yerda. Fikr-mulohazalar 2026-yilning 10-yanvarigacha qabul qilinadi.
2024-yilning sentabrida poytaxt hokimligi shahar dizayn-kodini ishlab chiqish bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgandi. Undan ko‘chalar va hovlilarni bezatish, yo‘l ko‘rsatkichlari, ko‘cha jihozlari, jamoat joylarini loyihalash uchun foydalaniladi. Hokimlikning qayd etishicha, aholi ishtiroki dizayn-kodni samarali va sifatli bo‘lishiga, shahar muhitini barcha uchun qulay qilishga yordam beradi.
Joriy yilning iyul oyida Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov Moskvaning dizayn-kodini ishlab chiqqan Britaniyaning Atlas kompaniyasi Toshkent uchun xuddi shunday hujjat tayyorlagani, unda fasadlar, yo‘laklar va yashil hududlarga yagona talablar belgilanganini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Toshkentdagi pulli parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomalarining narxi belgilangani haqida yozgandi. Ruxsatnomalar kelasi yilning 1-fevralidan joriy etiladi hamda uning qiymati 412 ming so‘mni tashkil etadi.
