Namangan va Sirdaryo viloyatining ayrim tumanlariga yangi hokimlar, shuningdek, poytaxt hokimiga o‘rinbosar tayinlandi.

Jumladan, Adham Karabayev Yangi Namangan tumani lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u Hududiy elektr tarmoqlari Namangan filiali bosh direktori bo‘lib ishlab kelgan.

Tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Jobir Abdullayev esa lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Muzaffar Abdullayev Uychi tumani hokimi bo‘ldi. Bungacha u viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Tuman hokimi lavozimida ishlagan Shuhrat Musayev esa vazifasidan ozod qilindi.

Sirdaryo viloyatining Shirin shahriga Dilfuza Kambarova hokim bo‘ldi.

U 1975-yilda Guliston shahrida tavallud topgan. Ushbu tayinlovga qadar Xalq banki Sirdaryo viloyati mintaqaviy markazi Ayollar tadbirkorligini qo‘llab quvvatlash bo‘yicha mintaqaviy markaz boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

Shirin shahar hokimi lavozimida faoliyat olib borgan Niyoz Xazratqulov esa Boyovut tumani hokimi etib tayinlandi.

Bundan tashqari, Abdurahmon Baxtiyev Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

U tayinlovga qadar 2019-yildan Prezident administratsiyasida mas‘ul xodim lavozimida ishlab kelgan.


Avvalroq Abdumannop Buriyev biznes-ombudsman lavozimiga tayinlangandi.