Qozog‘iston uch oy muddatga sabzi eksportini taqiqlashni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda Zakon.kz nashri.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli buyruq loyihasini tayyorlagan.
Vazirlik ma’lum qilishicha, taqiq joriy etish to‘g‘risidagi qaror mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Tashqi savdo siyosati bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan qabul qilingan.
Nashrning aniqlik kiritishicha, sabzini uchinchi davlatlar va YEOII mamlakatlariga barcha turdagi transport vositalari orqali olib chiqish taqiqlanadi. Ushbu cheklov sabzining tranzit tashuviga ta’sir qilmaydi.
Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston 2025-yilning 9 oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 barobar ko‘p sabzi eksport qilgan.
Mamlakat jami 86 ming tonna sabzavot eksport qilgan bo‘lib, sabzining asosiy xaridorlari Rossiya, Qirg‘iziston, Belorussiya va Tojikiston bo‘ldi.
Avvalroq Qozog‘istonda noyabr oyi boshidan kartoshka narxi qimmatlashayotgani haqida xabar berilgandi.
Dastlabki ikki haftasida o‘sish 2,2%, so‘nggi haftada esa 0,2% bo‘ldi. O‘rtacha narx bir kilogramm uchun 188 tengeni tashkil qilmoqda.
