26-dekabr kuni davlat xaridlarida raqobat va shaffoflikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, davlat buyurtmachilari ehtiyojlaridan kelib chiqib, qulay va servisga yo‘naltirilgan davlat xaridlari ekotizimini yaratish hamda unga sun’iy intellektni keng joriy etish Iqtisodiyot va moliya vazirligining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.
2030-yilgacha davlat xaridlarida raqobatli usullar ulushini 80% ga, tejalgan mablag‘ miqdorini 25 trln so‘mga hamda mahalliy mahsulotlar ulushini 85% ga yetkazish, tadbirkorlar faolligini 2 barobar oshirish, shuningdek, xaridlarga mas’ul malakali xodimlar ulushini kamida 98% olib chiqish belgilangan.
2026-yil 1-martdan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt asosida hisoblovchi elektron modul ishga tushiriladi. Davlat buyurtmachisi xaridni amalga oshirishdan oldin modul orqali predmetning o‘rtacha bozor narxini belgilaydi.
Agar boshlang‘ich narx yoki shartnoma bahosi bu narxdan 10% dan ortiq yoki 20% dan past bo‘lsa, xarid yuqori xavf-xatar sifatida baholanib, navbatdan tashqari tekshiruvga asos bo‘ladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar esa, istisno holatlardan tashqari, bozor narxidan oshmasligi kerak.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Hisob palatasi, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor narxini aniqlash tartibini hukumatga kiritish topshirildi.
2026-yil 1-yanvardan davlat xaridlarida ayrim tovar, ish va xizmatlar “taklif so‘rovi” orqali xarid qilinadi. To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar ro‘yxati bekor qilinib, xaridlar raqobatli usullar orqali o‘tkaziladi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarga ruxsat beruvchi hujjat loyihalarida ijrochi nomi aniq ko‘rsatiladi. Elektron do‘konda ofertalarni joylashtirish muddati 15 kundan 60 kungacha uzaytiriladi, yetkazib berish muddati esa kamida 5 kun etib belgilanadi.
Shuningdek, loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida xarid hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlari qiymati va murakkabligiga qarab qisqartiriladi.
Avvalroq davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanishi ma’lum qilingandi.
