Rossiya avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni uzaytirdi. Bu haqda 25 va 26-dekabrdagi ikkita qarorga tayanib, Rossiya hukumati ma’lum qildi.

“Ichki yoqilg‘i bozorida barqaror vaziyatni saqlab qolish uchun” avtomobil benzinini Rossiyadan tashqariga olib chiqishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq 2026-yil 28-fevralgacha (shu kuni ham) uzaytirildi. U barcha eksportchilar, shu jumladan bevosita ishlab chiqaruvchilar uchun ham amal qiladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 28-fevralgacha (shu kun ham kiritilgan holda) dizel yoqilg‘isi, shuningdek, kema yoqilg‘isi va boshqa gazoyllarni, jumladan birja savdolarida sotib olinganlarini ham, eksport qilish taqiqi uzaytirildi. Bu taqiq neft mahsulotlarini bevosita ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Cheklovlar qarorlar rasman e’lon qilingan kunning ertasidan — 28 dekabrdan boshlab kuchga kiradi.

Bunda avtobenzin eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq xalqaro hukumatlararo bitimlar doirasida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Iyul oyi oxirida Rossiya hukumati joriy yil yozi oxirigacha benzin eksportini to‘liq taqiqladi. Cheklovlar 31-avgustgacha bevosita neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ham taalluqli edi. Sentabr oyi oxirida cheklovlar 2025-yil oxirigacha uzaytirildi.

Energetika vazirligi o‘sha paytda Spot’ga Rossiya hukumati tomonidan joriy etilgan benzin eksportiga vaqtinchalik taqiq O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qilgandi. Vazirlik cheklovlar hukumatlararo kelishuvlar doirasida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga tegishli emasligini ta’kidladi.

11 oy davomida O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari importi o‘tgan yilgi darajada — $1,8 mlrdgacha saqlanib qoldi, benzin yetkazib berish esa 5,3% ga ($1,39 mlrd) oshdi. Har yili mamlakatga 2 mln tonnaga yaqin neft olib kelinadi.


Avvalroq O‘zbekistondagi “zapravka"larda AI-80 benzini savdosiga qarshi reydlar boshlangani haqida xabar berilgandi.