Kapwing kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, YouTube yangi foydalanuvchilarga taklif etayotgan videolarning 20%dan ortig‘i “sun'iy intellekt axlati” (AI-slop) ekan. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Bu atama neyron tarmoqlar tomonidan ko‘rishlar sonini oshirish maqsadida yaratilgan sifatsiz kontentni anglatadi.

Kapwing kompaniyasi YouTube’dagi dunyoning eng mashhur 15 mingta kanalini — har bir mamlakatdagi eng yuqori 100 talikni tadqiq qildi va ularning 278 tasida faqat sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontent mavjudligini aniqladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ushbu kanallar jami 63 mlrddan ortiq ko‘rishga va 221 mln obunachiga erishib, yiliga taxminan $117 mln daromad keltirmoqda.

Tadqiqotchilar YouTube’da yangi hisob ochib, tavsiya etilgan besh yuzta videoning yuzdan ortig‘ini sun’iy intellekt tomonidan yaratilganini aniqladilar.

2025-yilda eng tez o‘sib borayotgan kanallarning o‘ndan ko‘prog‘i faqat sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan videoroliklarni taqdim etmoqda.

Misol uchun, tadqiqotdagi eng ko‘p tomosha qilingan kanal Hindistonning “Bandar Apna Dost” nomli kanali bo‘lib, u 2,4 mlrd marta ko‘rilgan. Unda gapiruvchi maymun va Halkning sarguzashtlari haqida hikoya qilinadi.

Ular kurashadi va pomidor shaklidagi vertolyotda uchadi. Kapwing taxminlariga ko‘ra, bu kanal $4,25 mlngacha daromad olishi mumkin.

Bundan tashqari, tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Discord kabi ijtimoiy tarmoqlarda bunday kontent yaratuvchilari boshqalarga virusli sun’iy intellekt videolarini qanday yaratishni maslahat berishadi va hatto o‘quv kurslarini sotishadi.

YouTube vakilining aytishicha, generativ sun’iy intellekt faqat vosita bo‘lib, uning yordamida ham yuqori, ham past sifatli kontent yaratish mumkin.

Uning aniqlik kiritishicha, platforma foydalanuvchilarga qanday yaratilishidan qat’i nazar, faqat sifatli roliklarni taqdim etishga qaratilgan.


Avvalroq Spot YouTube foydalanuvchilardan yoshini tasdiqlashni talab qilayotgani haqida yozgandi.

Buning uchun pasport skaneri va selfi yuborish so‘raladi. Bu talab MDH hududidagi akkauntlarga ham qo‘llanilmoqda.