Endi kuryerlik jo‘natmasi haqidagi maʼlumotlarni Yagona portaldan olish mumkin. Bu haqda portal Telegram-kanalida xabar berildi.
Buning uchun my.gov.uz portalidagi “Jismoniy shaxslar nomiga kelgan xalqaro kurerlik jo‘natmalari to‘g‘risida ma‘lumot” xizmatidan foydalanish lozim.
Ushbu xizmat orqali bir qator ma‘lumotlarni bir joyda onlayn ko‘rish mumkin. Jumladan:
- joriy oyda qolgan limitingiz;
- jo‘natma nomi, raqami, vazni va qiymati;
- yuboruvchi hamda kuryerlik tashkiloti nomi va STIR raqami.
Hukumat qarori bilan shaxsiy ehtiyoj uchun O‘zbekistonga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari havo transportida $1000, temir yo‘l va daryo transportida $500 hamda avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali $300 etib belgilangan. Bojsiz olib kirish normasidan ortiq qismiga 30% to‘lov undiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi qaroriga asosan bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderini to‘ldirish va rasmiylashtirish uchun BHMning 25% i (103 ming so‘m) bojxona rasmiylashtiruviga yig‘im undiriladi.
Avvalroq retsept yoki retseptsiz sotiladigan dorilarni Yagona portal orqali aniqlash imkoni yaratilgandi.
