Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududida qurilayotgan energetika obyektlari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Trigeneratsiya texnologiyasi shaharni markazlashgan sovitish va isitish bilan taʼminlash uchun zamonaviy yechim bo‘lib, anʼanaviy quvvatlarga nisbatan 2 baravargacha kam energiya sarflaydi. Oddiy issiqlik markazlari yoki sovitish tizimlarida ishlab chiqarish jarayonlari alohida-alohida amalga oshiriladi. Trigeneratsiyada esa bularning barchasi yagona texnologik zanjir asosida birlashtiriladi.
Hozirgi paytda Yangi Toshkentda aynan shu texnologiyaga asoslangan stansiyaning asosiy bino va inshootlarining qurilishi jadal ketmoqda. Loyiha doirasida talab etiladigan asosiy asbob-uskunalar xalqaro energiya samaradorlik talablariga to‘la mos keladi.
Birinchi bosqichda issiqlik uchun 75 MVt, sovitish tizimi uchun esa 100 MVt quvvat yaratiladi. Shu bilan birga, 17 MVt miqdorda qo‘shimcha elektr energiyasi ham ishlab chiqariladi.





Prezident Yangi Toshkentning birinchi nimstansiyasida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Nimstansiya quvvati 100 MVtga teng bo‘lib, Yangi Toshkentning dastlabki bosqichdagi ehtiyojlarini taʼminlaydi.
Loyiha Xitoyning Haocheng Industry Group Limited kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Bu obyekt O‘zbekistondagi birinchi yopiq turdagi nimstansiya hisoblanadi.
Bunday tipdagi inshootlar anʼanaviy ochiq nimstansiyalarga nisbatan bir qator ustunliklarga ega. Avvalo, ular shahar ichidagi muhitga mos loyihalanadi va hudud arxitektura qiyofasini buzmasdan joylashtiriladi.
Shuningdek, bunday nimstansiyalarning shovqin darajasi anʼanaviylariga qaraganda ikki baravar past bo‘ladi. Bundan tashqari, ochiq turdagi inshootlarga nisbatan uch barobar kam maydon talab qiladi. Bu yangi qurilayotgan Yangi Toshkent kabi murakkab muhandislik konsepsiyasiga ega shaharda juda katta afzallik hisoblanadi.
Prezident mazkur obyektlar bilan tanishar ekan, ularning texnik imkoniyatlari, iqtisodiy samarasi va Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini alohida qayd etdi. Loyihaning yana-da samarali ishlashi va kelgusidagi bosqichlarini tez hamda sifatli amalga oshirish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Avvalroq Yangi Toshkentda qurilayotgan $100 mlnlik yer osti avtoturargohi 2026-yilda ishga tushirilishi aytilgandi.





