AQSH Davlat departamenti 30-dekabrdan boshlab Green Card (Diversity Visa — turli millat vakillari uchun viza) dasturi bo‘yicha viza berishni to‘xtatdi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar bermoqda.
“DV dasturi uchun murojaatchilar arizalarini topshirishlari va suhbatlarda qatnashishlari mumkin. Departament ham talabgorlar uchun uchrashuvlarni rejalashtirish ishlarini davom ettiradi. Biroq, vizalar berilmaydi”, — deyiladi elchixona xabarida.
Mavjud xilma-xillik vizasi uchun belgilangan uchrashuvlar odatda qayta rejalashtirilmaydi yoki bekor qilinmaydi.
Departament ariza beruvchilarni xabardor qilib turishga intiladi va qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilanoq yangilanishlarni taqdim etadi.
19-dekabr kuni AQSH hukumati Green Card (Diversity Visa — turli millat vakillari uchun viza) dasturini to‘xtatayotgani haqida xabar berilgandi.
Chunki Braun universitetidagi otishmada gumon qilinayotgan shaxs shu dastur orqali mamlakatga kelgan, deb ma’lum qildi AQSH ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Prezident Trampning ko‘rsatmasiga binoan, men darhol AQSH fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS)ga ushbu zararli dastur tufayli amerikaliklarga boshqa zarar yetkazilmasligi uchun DV1 dasturlarini to‘xtatishni buyuraman”, — deb yozadi Noem.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Braun universitetida otishma sodir etgan Klaudio Nevis Valenti 2017-yilda ushbu dastur bo‘yicha AQSHga kelgan.
