Shavkat Mirziyoyev 30-dekabr kuni Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan va yirik qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ayni paytda bu yerda 100 dan ziyod katta-kichik loyihalar jadal olib borilmoqda, ularning har biri xalqaro me’yorlar va zamonaviy shaharsozlik tendensiyalariga asoslanadi.
Hozirga kelib, dastlabki inshootlar qiyofasi ko‘rina boshladi. 2025-yilda yangi shaharda olib borilayotgan qurilish maydonlari 3 mln kvadrat metrga yetdi. Bir qancha uy-joy massivlari qurilishi yakuniy bosqichga kirdi. Infratuzilma obyektlarida ishlar faol bormoqda.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlari bajarilib, 600 ming aholi uchun infratuzilma barpo etiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganda esa Yangi Toshkent 2 mln nafar odam yashaydigan ulkan megapolisga aylanadi.
Bunday ko‘lamdagi qurilish uzoq muddatli va barqaror infratuzilmani talab qilishi qayd etildi. Hozirgi paytda hududda yirik yer osti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda. Bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilib, issiqlik, suv, elektr energiyasi va telekommunikatsiya kabi barcha tarmoqlarning yer ostidan o‘tkazilishi ta’minlanmoqda.



Transport qatnovini yengillashtirish maqsadida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tunnel va yer osti avtoturargohlarining barpo etilishi shaharning kelajakdagi harakatlanish tizimi uchun muhim ekani qayd etildi.
Hududda 10 kilometrlik sohil bog‘i tashkil etildi. Bir mln tup buta va ko‘chatlar ekildi. Davlat rahbari tomonidan shaharsozlikda “yashil” tamoyillar muhim o‘rin tutishi lozimligi aytildi. Bunda metro va elektrobuslar harakatini muvofiqlashtirish, piyoda va velosipedchilar uchun xavfsiz, to‘siqsiz yo‘laklar barpo etilishi bo‘yicha mas’ullarga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Hududda 60 dan ortiq davlat idoralari uchun zamonaviy ma’muriy binolar quriladi. Ayni vaqtda qator vazirlik va idoralar vaqtincha majmualarda faoliyat boshlagan.
Auksion orqali sotilgan 24 ta tijoriy lot bo‘yicha $2 mlrdlik investitsiya shartnomalari imzolangan. Bu mablag‘lar hisobidan mehmonxonalar, restoranlar, servis markazlari va o‘ziga xos arxitekturaga ega binolar barpo etiladi.



Qurilish jarayonining o‘zida 10 ming nafar insonning bandligi ta’minlangan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan keyin esa innovatsion texnologiyalarga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Prezidentga Yangi Toshkentda barpo etilayotgan turizm obyektlari, xizmat ko‘rsatish va dam olish majmualari, shuningdek, mamlakatning boshqa hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Davlat rahbari har bir tashabbusda ilm-fan yutuqlariga tayanish, loyihalarda mahalliy ruhni aks ettirish, eng asosiysi, ular xalq manfaatiga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.
Avvalroq 2027-yilda Yangi Toshkentda Chirchiq daryosidan o‘tuvchi ko‘prik, tramvay va metro paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi.






