2001-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan Fayoz Ahmedov ilk ta’limini Xatirchi tumanidagi 27-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida olgan. Keyinchalik, 2023-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Xitoy sharqshunosligi fakultetini tamomlagan. Bir yil o‘tib, 2024-yilda u CSC granti asosida magistratura bosqichiga qabul qilinib, Xitoyning Pekin shahridagi Minzu universiteti tarix fakultetida o‘qishni boshlagan.

U Spot’ga CSC grantini qo‘lga kiritish sirlari, Xitoydagi qat’iy ta’lim intizomi, muvaffaqiyatli suhbatdan o‘tish yo‘llari hamda Xitoyga borganda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida so‘zlab berdi.


Nima uchun aynan Xitoy?

Abituriyentlik davrimda xorijga ketish bo‘yicha aniq rejam yo‘q edi, biroq ko‘pchilik singari men ham chet elda tahsil olishni orzu qilardim.

Hayotimda burilish yasagan voqea esa akamning do‘sti bilan bo‘lgan suhbat bo‘ldi. U kelgusi o‘n yillikda Xitoy tilining nufuzi ortishi va O‘zbekiston iqtisodiyotida bu davlatning o‘rni kuchayishini tushuntirdi. Shu maslahatdan ilhomlanib, kelajagimni Xitoy tili bilan bog‘lashga qat’iy qaror qildim va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga hujjat topshirdim.

Shuningdek, ushbu soha mutaxassisi bo‘lsam, kelajakda harbiy tizim yoki ta’lim muassasalarida ish topishim osonlashishini ham hisobga olgandim.

Universitetda tahsil olayotgan kezlarimda Xitoy hukumati tomonidan talabalar almashinuvi dasturi doirasida har yili 40 ta grant ajratilishi haqida xabar topdim. Bu imkoniyatdan 2- yoki 3-kurs talabalari foydalanishi mumkin edi. Dastlabki urinishim muvaffaqiyatsiz yakunlandi — tilni o‘rganishga yetarlicha vaqt ajratmaganim o‘zimga pand berdi.

Biroq, keyingi yili xatolarim ustida ishladim va grant g‘olibiga aylandim. Natijada, 4-kursni Xitoydagi Pekin til va madaniyat universitetida almashinuv dasturi asosida o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldim.

csc granti, fayoz ahmedov, xorijda ta’lim

Foto: Fayoz Ahmedovning shaxsiy arxividan

Garchi ushbu dastur to‘liq diplom bermasa-da, unda olingan sertifikat magistratura bosqichi uchun mustahkam poydevor bo‘ldi. Xitoyga kelgach, bu yerda qolish imkoniyatlarini izladim: internet va tajribali talabalar orqali grantlar haqida ma’lumot to‘pladim. Natijada bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishga hujjat topshirdim:

  • Xitoy hukumati granti — magistratura bosqichi uchun;
  • Konfutsiy granti — bir yillik til kursi uchun;
  • Universitet va shahar grantlari.

Men Xitoy hukumati granti asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bu yurtga kelganimga uch yil bo‘ldi. Bir yillik tayyorlov kursini muvaffaqiyatli yakunlagach, magistratura bosqichining ikkinchi yilini ham samarali tamomladim.

Xitoy tilini qanday o‘rgangansiz?

Xitoy tilini o‘rganish jarayonim hali ham davom etmoqda. Shuning uchun, tilga sarflagan vaqtimni “o‘rganib bo‘ldim”, deb yakuniy baho bera olmayman, chunki bu tilni o‘zlashtirish doimiy rivojlanishni talab qiladigan jarayondir.

Bakalavrning uchinchi kursidayoq C1 (HSK 5−6) darajasiga erishgan bo‘lsam-da, tez orada muhim haqiqatni angladim: rasmiy sertifikat xitoyliklar bilan erkin suhbat qurish imkonini to‘liq kafolatlamas ekan.

Biroq, mening til bilimimda haqiqiy o‘zgarish va rivojlanish Xitoyga kelib, bevosita til muhitiga tushganimdan keyin yuz berdi. Bu yerda men har kuni xitoycha muloqotga moslashishga majbur bo‘ldim.

Asosiy sir shunda: amaliy bilimlar faqatgina shu muhitda mustahkamlanadi, tilni kitobdan emas, balki real hayotda ishlatish orqali o‘rganiladi.

Xitoy tilini tez va mukammal o‘rganishning eng samarali yo‘li — Xitoyning o‘zida o‘qishdir. Bunga bir necha sabablar bor:

  • Tezkor natija: universitetimizga tilni nol darajadan boshlab kelgan talabalar atigi bir yil ichida C1 darajasiga chiqib, biz kabi “eski” talabalar bilan tenglashib olishmoqda.
  • Vaqt samaradorligi: bu yo‘lda 6−7 yil sarflagan bo‘lsam, to‘g‘ri muhitda bu natijaga bir necha barobar tezroq erishish mumkin.
  • Amaliyot: kundalik hayotda tilni ishlatishga majbur bo‘lish o‘rganish tezligini keskin oshiradi.

Shaxsiy tajribam shuni ko‘rsatadiki, Xitoy tili ko‘pchilik o‘ylagandek murakkab emas. Hatto O‘rta Osiyo xalqlari uchun ingliz yoki rus tillariga qaraganda osonroq tuyulishi mumkin. Buning sababi — til tuzilishining soddaligida: murakkab grammatik qoidalar deyarli yo‘q, jarayon esa ko‘proq yangi so‘zlarni yodlashga o‘xshaydi. Kuchli xotiraga ega insonlar uchun bu til ayniqsa qulay.

CSC granti haqida

Xitoyda tahsil olishni istovchilar uchun eng yaxshi imkoniyat — bu Xitoy hukumati granti (Chinese Government Scholarship — CSC) hisoblanadi. Ushbu dastur o‘qish xarajatlarini to‘liq qoplashi va munosib stipendiya bilan ta’minlashi bilan ajralib turadi.

csc granti, fayoz ahmedov, xorijda ta’lim

Foto: Shaxsiy arxiv

Dastur asosan ikki turga bo‘linadi:

  • A-tur (type A): Hujjatlar faqat o‘z mamlakatingizdagi Xitoy elchixonasi orqali topshiriladi. Bakalavriat, til kurslari va yozgi oromgohlar odatda shu turga kiradi.
  • B-tur (type B): Asosan magistratura va doktorantura uchun mo‘ljallangan bo‘lib, nomzod bevosita o‘zi tanlagan universitet sayti orqali ariza topshiradi.

CSC grantiga qabul yiliga bir marta amalga oshiriladi va muddatlar universitetlarga qarab farq qilishi mumkin. Masalan, men tahsil olayotgan Minzu universitetida qabul 30-yanvargacha davom etadi. Shuni yodda tutish kerakki, qabul muddatlari har yili yangilanadi, shuning uchun universitet saytini muntazam kuzatib borish shart.

Kerakli hujjatlar ro‘yxati:

  • diplom (bitiruvchi kurslar uchun o‘qish joyidan ma’lumotnoma);
  • xorijiy pasport va sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma;
  • til sertifikati (HSK yoki IELTS);
  • motivatsiya xati (800−1000 iyeroglif yoki ingliz tilida);
  • barcha hujjatlarning notarial tasdiqlangan tarjimasi.

Hujjatlar ko‘rib chiqilgach, mart oylarida saralangan nomzodlar bilan suhbat o‘tkaziladi. Unda nafaqat til darajasi, balki tanlangan soha bo‘yicha bilim va qiziqishlar ham tekshiriladi va bu tajribamda taxminan 20 daqiqa davom etgan.

csc granti, fayoz ahmedov, xorijda ta’lim

Foto: Shaxsiy arxiv

Suhbatni o‘z foydangizga boshqarish uchun aniq reja bilan boring. Men Temuriylar va Min imperiyasi o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni o‘rganish niyatimni, Xitoy muzeylaridagi hali ochilmagan turkiy qo‘lyozmalarga qiziqishimni aytganimda, komissiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Natijada, hatto til darajam yetarli deb topilmagan bo‘lsa-da, o‘qishga qabul qilinib, qo‘shimcha bir yillik bepul til kursi taqdim etildi.

Universitet tomonidan qabul qilinish grantni 80% naqd qilish demakdir, yakuniy tasdiq esa iyul oylarida e’lon qilinadi. Grant quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • O‘qish to‘lovi: yillik taxminan $3 462 miqdoridagi kontrakt to‘liq qoplanadi.
  • Yotoqxona: oyiga $249 qiymatidagi turar joy bepul beriladi: agar talaba tashqarida yashasa, ushbu mablag‘ kompensatsiya sifatida to‘lanadi.
  • Stipendiya: magistrantlar uchun oyiga taxminan $415 naqd pul beriladi.
  • Sug‘urta: yillik $114 miqdoridagi tibbiy sug‘urta.

Viza olish jarayoni

Xitoyda bakalavriat va til kurslarini tamomlaganimdan so‘ng, magistraturaga qabul qilinganim haqidagi tasdiqnomani qo‘lga kiritdim. Odatda, universitet o‘qishga taklif xati bilan birga JW202 maxsus hujjatni yuboradi. Ushbu hujjat viza olish jarayonining asosi hisoblanadi.

Viza jarayoni quyidagicha kechadi:

  1. Ro‘yxatdan o‘tish va rezervatsiya: siz o‘sha JW202 hujjati orqali elchixonaning saytiga kirib, ro‘yxatdan o‘tasiz va suhbatga oldindan navbat olasiz.
  2. Elchixonaga chaqiruv: navbat olganingizdan so‘ng, sizni elchixonaga chaqirishadi.
  3. Suhbat: elchixona chaqirgandan keyin siz bilan suhbat o‘tkaziladi: “Nima maqsadda ketyapsiz, qayoqqa ketyapsiz?”, kabi savollar beriladi.

Xitoy elchixonasidagi suhbat jarayoni ko‘pchilik tasavvur qilganidek murakkab kechmaydi. Agar universitet sizga JW202 hujjatini yuborgan bo‘lsa, bu sizning o‘qishga qabul qilinganingizning rasmiy tasdig‘i hisoblanadi va viza berish masalasi deyarli ijobiy hal qilingan bo‘ladi. Shu sababli, suhbatda ortiqcha murakkab savollar berilmaydi.

Dastlabki viza rasmiylashtirish to‘lovi taxminan 800 000 so‘mni tashkil etgan. Hozirda Xitoyda yashab, har yili vizani (yashash ruxsatnomasini) uzaytirish uchun o‘rtacha $56 sarflayman. Hatto pandemiya davridagi cheklovlarga qaramay, hukumat granti asosida o‘qishga ketayotganimiz sababli viza olishda hech qanday muammoga duch kelmadik.

csc granti, fayoz ahmedov, xorijda ta’lim

Foto: Shaxsiy arxiv

Shuni yodda tutish kerakki, viza talablari grant turiga qarab farqlanishi mumkin:

  • Xitoy hukumati to‘liq granti (CSC) egalaridan kamroq hujjat talab qilinadi.
  • Qisman moliyalashtiriladigan yoki boshqa grantlar sohiblaridan esa elchixona bank hisobida ma’lum miqdorda mablag‘ mavjudligini tasdiqlashni so‘rashi mumkin. Bu mablag‘, odatda, talabaning bir yillik yashash xarajatlarini qoplash uchun mo‘ljallangan.

Shuning uchun, safarga tayyorgarlik ko‘rayotganda viza turiga oid joriy talablarni bevosita elchixonadan aniqlashtirish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.

Universitetdagi hayotim

Universitet hududi shunday tashkil etilganki, talaba uchun zarur bo‘lgan barcha sharoit bir joyda jamlangan. O‘quv binosidan chiqib, uzoqqa bormasdan yotoqxona, oshxona, kutubxona va sport zallariga bemalol borish mumkin. Talabalarning qulayligi uchun alohida katta bino ajratilgan bo‘lib, unda dars tayyorlash uchun tinch xonalar, dam olish uchun bilyard va stol tennisi stollari mavjud.

Hozirgi o‘qish joyimda xitoylik talabalar bilan birga xorijiy tillarni o‘rganish klublari mavjud emas. Biroq avvalgi universitetimda talabalar uchun maxsus tayyorgarlik guruhlari tashkil etilgandi. Bunday jamoalarga qo‘shilish orqali o‘zingiz o‘rganayotgan tilga mos hamrohlar topishingiz mumkin.

csc granti, fayoz ahmedov, xorijda ta’lim

Pekin shahar qurilish muzeyi. Foto: Shaxsiy arxiv

Guruhlarda talabalar birgalikda testlar yechishadi, eng muhimi esa o‘zaro suhbatlashib til amaliyotini o‘tkazishadi. Ana shunday hamjihatlikda tayyorlanish o‘quv jarayonini ancha yengillashtiradi.

Universitetda talabalar uchun sayohatlar mutlaqo bepul tashkil etiladi. O‘tgan o‘quv yilida bizni ko‘plab shaharlarga olib borishdi. Dastlab Yunnan va Tibet hududlariga safarlar uyushtirildi. Shuningdek, Harbin va Yanbian shaharlariga ham bordik.

Dars jarayonlari

Xitoyda ta’lim jarayoni bosqichma-bosqich murakkablashib boradi. Til kurslari asosan ma’ruza va muntazam nazorat shaklida o‘tib, o‘rtacha 12 kishilik kichik guruhlarda tashkil etiladi. Magistratura bosqichida esa darslar kredit tizimiga asoslanadi: umumiy 29 kreditning bir qismi majburiy fanlarga, qolgan qismi esa tanlov fanlariga ajratilgan. Shuningdek, talabalardan “O‘qituvchi yordamchisi” (TA) sifatida dars o‘tish yoki ilmiy maqolalarni tahrir qilishda beg‘araz ishtirok etish talab etiladi.

Ikkinchi semestrdan boshlab talabalar faolligi sezilarli darajada ortadi: ular mustaqil taqdimotlar tayyorlab, ilmiy munozaralarda qatnashadi. Auditoriyalar sig‘imi fanga qarab 25 nafardan 80 nafargacha bo‘lib, guruhlar har bir ma’ruzada yangidan shakllanadi.

O‘quv modullari yakunlangach, qolgan bir yarim yil dissertatsiya yozishga bag‘ishlanadi. Tadqiqotim O‘zbekistondagi sinolog olimlarning faoliyati va xalqaro nufuzini tahlil qilishga qaratilgan.

Shuningdek, oliygohda talabalar o‘zaro muloqotda masofa saqlashga harakat qilishadi. Hatto bakalavr bosqichida to‘rt yil birga o‘qigan talabalar ko‘pincha bir-birlarining ism-sharifini bilmaydi. Muloqot odatda 2−3 kishilik kichik doiralar bilan cheklanib, jamoaviy yig‘ilishlar va yaqin aloqalar deyarli kuzatilmaydi. O‘qituvchilar bilan munosabat ham xuddi shunday.

csc granti, fayoz ahmedov, xorijda ta’lim

Foto: Shaxsiy arxiv

Bunda qonuniy cheklovlarning ham ta’siri bor: Xitoyda o‘qituvchining o‘quvchilardan sovg‘a qabul qilishi yoki yig‘ilishlarda pul to‘latishi qat’iyan taqiqlangan. Shu sababli, o‘qituvchilar talabalar bilan shaxsiy yaqinlik o‘rnatmaydi va faqat dars jarayoni bilan cheklanadi. Magistratura bosqichida ham norasmiy tadbirlar juda kam uchraydi.

Imtihonlar esa tizimi yo‘nalishga qarab farqlanadi. Masalan, magistratura bosqichida an’anaviy imtihonlar deyarli uchramaydi. Faqat bitta fandan ixtiyoriy tanlov asosidagi ingliz tili fanidan imtihon o‘tkazildi. Qolgan barcha fanlar bo‘yicha yakuniy baholar ilmiy maqola yoki tadqiqot ishlari asosida belgilanadi ya’ni talabaning bilim darajasi uning yozgan ilmiy ishi sifatiga qarab baholanadi.

Yashash xarajatlari

Xitoyda yashash xarajatlari ko‘p jihatdan turmush tarziga bog‘liq: odatda universitet oshxonasida ovqatlanaman. U yerda narxlar shahardagi kafelarga qaraganda uch baravar arzon. Bir marta ovqat $2-$3 turadi. Bir oyda oziq-ovqat uchun $200 yetadi. Shaharda esa bir martalik tushlik $7-$8 bo‘lib, kunlik xarajat $15-$20 ga boradi. Oshxonaga faqat talabalar maxsus kartasi bilan kirishi mumkin.

Turar-joy maslasiga keladigan bo‘lsak, men yotoqxonada yashayman. Ikki kishilik xonalar bepul, lekin men kuniga $2 to‘lab, bir kishilik xonani tanladim. Shaharda kvartira ijarasi qimmat: kichik xonali kvartira o‘rtacha $630. Universitetlar yaqinida esa narxlar yanada yuqori — $840-$980.

csc granti, fayoz ahmedov, xorijda ta’lim

Foto: Shaxsiy arxiv

Transport ham arzon. Avtobus yo‘l haqi 2 yuan. Velosiped ijarasi ham qulay: yarim soat 1,5 yuan, keyingi har 30 daqiqa uchun yarim yuan qo‘shiladi. Metro esa 3 yuandan boshlanib, masofaga qarab 8 yuangacha.

Bundan tashqari, Xitoyda chet ellik talabalarning rasmiy ravishda ishlashi qat’iyan taqiqlangan.

Bu qonunni buzish nafaqat katta miqdordagi jarimaga, balki mamlakatdan deportatsiya qilinishga ham sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, bir necha yil avval noqonuniy ishlayotgan o‘zbekistonlik talaba qo‘lga olinib, bir hafta davomida hibsda saqlangan. Faqat elchixona va universitet rahbariyati aralashuvi bilan u vatanga qaytarilgan, biroq boshdan kechirgan stressi sababli bir muddat davolanishiga to‘g‘ri kelgan. Yaqinda esa qozog‘istonlik bir talaba $711 jarimaga tortildi.

Shunga qaramay, ishlash yo‘lini topadigan talabalar ham bor. Biroq, bu yo‘lni tanlagan har bir talaba doimiy xavf ostida ekanini unutmasligi kerak. Chunki tasodifiy tekshiruv talabalik hayotiga va kelajakdagi karyerasiga nuqta qo‘yishi mumkin.

Moslashish davri

Xitoyga ilk bor 2022-yilning oktabrida kelganman. O‘sha paytda qat’iy karantin qoidalari amal qilardi, shuning uchun bir oy davomida mehmonxonada yashashga majbur bo‘ldik. Tashqariga chiqish taqiqlangani bois, faqat berilgan taomlarni iste’mol qilardik.

Eng katta qiyinchilik ovqat masalasida bo‘ldi. Xitoyliklar taomlarni juda achchiq tayyorlashadi, mazasi ham biz o‘rgangan taomlarga o‘xshamaydi. Ular asosan guruch iste’mol qilishadi, bizdagidek non esa deyarli yo‘q. Qancha turli ovqatlar bo‘lmasin, baribir milliy taomlarimizning o‘rni boshqa ekan.

Ob-havo masalasida ko‘pchilik talabalar qiyinchilikka duch keladi. Masalan, Pekin suvining ta’siridan sochi to‘kilayotganlar yoki havo quruqligi sababli terisi qurib borayotganlardan ko‘p shikoyat eshitdim. Shuning uchun ular doimiy ravishda namlantiruvchi krem ishlatishga majbur bo‘lishadi.

Xitoyga kelishdan avval O‘zbekistondagi Xitoy mehmonxonalaridan birida sakkiz oy ishlaganim til o‘rganishda katta yordam berdi. Qabul bo‘limida xitoylik mehmonlar bilan muloqot qilib, til amaliyotimni ancha oshirib olgandim.

Shunga qaramay, Xitoyga kelgan ilk kunlarimda baribir dovdirashlar va tushunmovchiliklar bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, bunday holatlar hozir ham uchrab turadi, chunki mahalliy aholidek ravon gapirish oson emas.

Agar biror gapni tushunmay qolsam, uyalmasdan ularga “Tushunmadim”, deyman. Shunda ular gapini qayta, osonroq so‘zlar bilan tushuntirib berishadi.

Bundan tashqari, magistraturada guruhda saksonga yaqin talaba bo‘lib, mendan tashqari hammasi xitoylik. Har safar o‘qituvchini to‘xtatib, tushunmagan joyimni so‘rashga hijolat bo‘lardim. Shu sababli ma’ruzalarni telefonga yozib olib, uyda qayta-qayta eshitib o‘rganardim. Bir kuni o‘qituvchim buni sezib qolib, hazillashib ogohlantirdi: “Nega meni ogohlantirmasdan yozib olyapsan? Mabodo biror gapim noto‘g‘ri chiqib qolsa, keyin o‘zimga muammo bo‘ladi-ku”, deb kulib qo‘ydi.

Endi keladiganlarga maslahatlar

Xitoyda yaxshi moslashish va muammosiz tahsil olish uchun bir qator muhim jihatlarga e’tibor qaratish lozim. Birinchi navbatda, til bilish darajasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Garchi Pekin kabi yirik shaharlarda ingliz tili biroz tushunilsa-da, kundalik hayotda va o‘quv jarayonida xitoy tilini bilmaslik talabani ancha qiynab qo‘yishi mumkin. Xorijlik tengdoshlar bilan muloqot qilishda va yangi do‘stlar orttirishda esa ingliz va rus tillarini bilishi ustunlik beradi.

Yana bir muhim eslatma mamlakatda ko‘p hollarda talabaga ogohlantirishsiz chora ko‘riladi va ikkinchi imkoniyat berilmasligi mumkin.

Mahalliy taomlar masalasiga ham ruhan tayyor bo‘lib kelish kerak. Xitoy va O‘zbekiston oshxonalari o‘rtasida juda katta farq mavjud.

Bundan tashqari, mamlakatning ichki tartib-qoidalari va siyosiy qarashlariga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish talab etiladi. Xususan, hukumat faoliyatini tanqid qilish yoki unga qarshi fikr bildirish noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, Xitoyda tinch va unumli tahsil olishning kaliti — mahalliy qonun-qoidalarga so‘zsiz rioya qilish, o‘zaro muloqotda bosiqlikni saqlash va asosiy e’tiborni faqat bilim olishga qaratishdir.