Avvalroq prezident Yangi Toshkent hududidagi yer osti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagini barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirgani haqida xabar berilgandi.
Yangi Toshkentda vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun maʼmuriy binolar qurilmoqda. Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining modul turdagi yangi binosi barpo etilgan.
1,4 gektar yer maydonda umumiy maydoni 5751 kvadrat metrni tashkil etuvchi 5 ta bir qavatli yengil metall konstruksiyali, bazalt qoplamali sendvich panellardan iborat binolar qurildi.
Mazkur bino vazirlikning markaziy apparati hamda tizimdagi tashkilotlarni bir makonda joylashtirish imkonini berib, muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik va ish jarayonlarining samaradorligini oshiradi.
Yengil konstruksiyalar va energiya samarador sendvich panellar, mustaqil oqova tizimi, samarali markazlashgan isitish, sovitish va shamollatish tizimi ushbu binoning ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish, kelgusida uni kengaytirish yoki demontaj qilish imkonini beradi hamda tez moslashuvchanligini taʼminlaydi.
Bugungi kunda yangi binoda vazirlik markaziy apparati va tizimdagi tashkilotlarda faoliyat yurituvchi jami 550 nafar xodim ishlamoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi ham shu binoda joylashgan.
Hozirda markaz tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi negizida bir qator platformalar ishga tushirilgan.
Davlat rahbariga platformalar faoliyati haqida maʼlumot berildi.



Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimida shahar va tumanlar hududlariga oid barcha ijtimoiy-iqtisodiy maʼlumotlar yagona raqamli bazaga jamlandi. Geoportal orqali aholi punktlarining 3D formatdagi “raqamli egizaklari” yaratildi, rekonstruksiya va renovatsiya zonalari belgilab olindi hamda hududlarni kompleks tahlil qilish imkoniyati yaratildi.
Bosh rejalarni ishlab chiqish va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, shuningdek, ular asosida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi.
Bugungi kunga qadar 20 ta shahar, 22 ta shaharcha, 843 ta tuman aholi punktlarining raqamli bosh rejalari ishlab chiqilib geoportalga joylashtirildi.
“Reyting” elektron platformasida qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini baholash avtomatlashtirildi. “Tender” elektron platformasi vazirlik va idoralarning elektron tizimlari bilan integratsiya qilindi. “Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish” elektron platformasining yangi versiyasi ishlab chiqilib, qurilish sohasidagi barcha 9 ta xizmat qamrab olindi.
“Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish”, “Qurilishda davlat nazorati”, “Mening uyim”, “Mening hududim”, “Issiqlik taʼminoti billing tizimi” kabi qator platformalar ham faoliyat yuritmoqda.
Tizimni yana-da takomillashtirish, shaffoflashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Davlat rahbari shu yerda yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
“Kechagi bilim bilan bugun katta natijalarga erishish qiyin. Buning uchun har kuni izlanish, aniq fanlar, xususan, axborot texnologiyalarini yaxshi o‘rganish kerak, bu qurilish sohasida ham juda muhim”, — dedi prezident.
Avvalroq Qurilish vazirligi fuqarolar uy-joy sotib olishdan avval uning qonuniyligi va seysmik xavfsizligini “Shaffof qurilish” tizimi orqali tekshirib olishlari mumkinligi aytilgandi.



