Prezidentning ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha 5-may kuni imzolagan farmoniga asosan, O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarining sirtqi ta’lim shakliga qabul tugatildi.
Uning o‘rniga muqobil: kechki, masofaviy shakllar uchun kvotalar oshirilib, kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli: part-time education joriy etildi.
Shuningdek, 2025/2026-o‘quv yilidan ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ham sirtqi ta’lim shaklida qabul tugatildi. Buning uchun kunduzgi, masofaviy yoki kechki ta’lim shakllaridagi yo‘nalishlarda o‘qish mumkin.
Yetti yil avval qayta tiklangan mavjud tizimdan voz kechilgani keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Spot O‘zbekiston ta’lim tizimidagi muammolar bo‘yicha Profi ta’lim muassasalari va universiteti tarmog‘i asoschisi Bektosh Hatamov va Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilov bilan suhbatlashdi.
Sirtqi ta’lim shaklining tugatilishi

Profi ta’lim muassasalari va universiteti tarmog‘i asoschisi.
Sirtqi ta’limning o‘rniga part-time ochildi, bu shanba va yakshanba kunlari o‘qish hamda oliy ma’lumot olish imkoniyatini beradi. Lekin bu ta’lim turi oddiy ta’lim turidan 0,5 barobar ko‘proq o‘qitilishni talab qiladi.
Bu degani — oddiy kunduzgida 4-yil o‘qigan talaba part-timeda 6-yil o‘qishi kerak. Sirtqining o‘rniga joriy etilgan ushbu ta’lim shaklining qanchalik effekt berishini vaqt ko‘rsatadi.
Sirtqi ta’limning tugatilishi birinchi navbatda hozirda ishlab turgan, lekin oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan qatlam uchun qiyinchilik tug‘dirdi. Shuningdek, sirtqi ta’lim yopilmasidan avval akademik ta’til olgan talabalar ta’tildan qaytgach, sirtqida o‘qishini davom ettirolmay qoldi.
Chunki akademik ta’til olgan talaba bir kurs pastda o‘qishi kerak edi, bir kurs pastda esa sirtqi ta’lim shakli ochilmadi. Qarorning tezkor va o‘quv yili yakunlanish arafasida qabul qilinishi hammani shoshirib qo‘ydi.
Yana bir narsaga e’tibor berishimiz kerakki, “Ta’lim to‘g‘risidagi” qonunga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi, lekin unda sirtqi ta’lim shakli saqlab qolindi. Hozircha sirtqi ta’limning rasman tugatilishi faqatgina prezident farmonida aks etgan. Ammo qonunning farmondan ustunligini inobatga olsak, O‘zbekistonda sirtqi ta’lim shakli hali tugatilmagan.
2026-yilda sirtqi ta’limning yopilishi sabab qandaydir salbiy holat kuzatilishini aniq bilmayman. Biroq qo‘shni davlatlarda sirtqi ta’limning mavjudligi sababli bizdagi abituriyentlarning ma’lum qismi qo‘shni mamlakat OTMlarida o‘qishga harakat qiladi, shu orqali katta miqdordagi valyuta ham chiqib ketishi mumkin.
Aslida bizning ta’lim tizimida har qanday turdagi ta’lim shakli saqlanib qolishi zarur, deb hisoblayman. Tanlov imkoniyatini abituriyentning o‘ziga qo‘yib berishimiz kerak.
Attestatsiya mojarosi

Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert.
2025-yilgi pedagoglarning malaka toifa uchun o‘tkazilgan attestatsiya jarayoni katta noroziliklar bilan esda qoldi. Umumta’lim maktablarida faoliyat yurituvchi ko‘plab pedagoglar, xususan, ingliz tili, tarix, ona tili va adabiyoti fanlari o‘qituvchilari yakka holda yoki jamoaviy bo‘lib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizalari kiritdi.
O‘zim bir qancha sud jarayonlarini OAV orqali kuzatdim, ayrimlarida ekspert sifatida ishtirok etdim. O‘qituvchilar noroziligi hatto xorijiy OAVlargacha yetib bordi.
Shaxsan men sudda pedagoglar yutgan holatlarning guvohi bo‘lmadim. Lekin buning sababi vazirlik haq bo‘lganida emas. Ko‘p holatlarda sudlar ishni yuzaki ko‘rdi, masalaning mohiyatiga kirmadi, ijro hokimiyati, ya’ni vazirlikka yon bosdi. Men kuzatib, guvoh bo‘lgan sud jarayonlarida tomonlar tengligi, xolislik tamoyillariga rioya qilindi, deya olmayman.
Misol uchun, tarix fani o‘qituvchilari keysida ham sud da’vogarlarning Fanlar akademiyasi Tarix institutidan mustaqil, xolis ekspert chaqirib, fikrini tinglash iltimosini rad qildi, faqat bir tomonning, ya’ni vazirlikda ishlaydigan va o‘z ish beruvchisi nohaq bo‘lsa ham unga qarshi fikr bildira olmaydigan mutaxassislar fikrini eshitish asosida qaror chiqardi.
Yana bir holat kuzatildiki, sudga murojaat qilishga qaror qilgan o‘qituvchilarga nisbatan kuchli bosimlar bo‘ldi: ularning maktabi, joylardagi ta’lim boshqarmalari, hatto pedagoglarning oila a’zolari orqali bosimlar qilindi, arizasini qaytarib olishga majburlandi.
Qisqasi, umumiy manzara — attestatsiyadan yalpi noroziliklar va bu noroziliklar sababini o‘rganish, dialog qurish o‘rniga vazirlikning pedagoglarga ma’muriy bosimi va sudlarda ham bir tomonga yon bosishlar kuzatildi.
Agar attestatsiyaning maqsadi — o‘qituvchining o‘z fani bo‘yicha bilimi va pedagogik mahorati, qay darajada o‘quv jarayonini samarali tashkil qila olishiga baho berish bo‘lsa, hozirgi tizim bu maqsadga xizmat qilmayapti.
Agar o‘qituvchilarni rag‘batlantirish, ularning o‘z ustida ishlashlari, bilim va mahorat darajasini oshirishlariga motvatsiya berish bo‘lsa, attestatsiya bu maqsadga ham xizmat qilyapti, deya olmayman. Aksincha, attestatsiya ta’limning maqsadi faqat darsliklardagi ma’lumotlarni yodlatish, degan fundamental xato yondashuvni battar kuchaytiryapti. Bu PISAda oxirgi o‘ntalikka kirishimizga sabab bo‘lgan muammolaridan biri hisoblanadi.
Xo‘sh, hukumat va vazirlik nima qilishi kerak? Hozirgi ko‘rinishdagi attestatsiya tizimidan voz kechish zarur. Normal davlatlarda bo‘lgani kabi maqsadi — o‘qituvchining o‘z kasbiy mahorati ustida ishlashiga, professional sifatida o‘z bo‘shliqlarini tahlil qilib, ularni to‘ldirishga rag‘batlantiradigan tizim ishlashi lozim.
Agar buning imkoni yo‘q deyilsa — aslida imkonsiz emas, shunchaki vazirlikda xohish bo‘lmasligi mumkin, chunki bunday tizim ishonch asosida quriladi va vakolatni quyi bo‘g‘inlarga, maktablarga uzatishni talab qiladi, hech bo‘lmaganda jarayonda ishlatiladigan testlarning validlik talablariga javob berishi ta’minlanishi kerak. Agar bunday qilinmasa, vazirlik attestatsiya orqali ham ta’lim tizimini barbod qilishda davom etaveradi.
