Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida Shavkat Mirziyoyev 2016-yil dekabrida ilk bor prezident etib saylanganidan keyin O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirish jarayonida qarshiliklar bo‘lganini aytib berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yil sentabrida prezident valyuta siyosatini liberallashtirish (konvertatsiya) to‘g‘risidagi farmonni imzolaganida jiddiy qarshilikka duch kelgan, biroq oxir-oqibat o‘z qarorida qat’iy turgan. “Uni qanday qo‘rqitishganini yaxshi eslayman”, — dedi Mirziyoyeva.
Islohotlarning dastlabki bosqichida hokimiyatda eski kadrlar qolgan, keyinchalik esa prezident “agar yo‘nalishni o‘zgartirsang, fikrlashni ham o‘zgartirish kerak” tamoyili asosida ularni almashtira boshlagan.
“Uning [prezidentning] ko‘z oldida, nazarimda, Buyuk O‘zbekiston manzarasi bor. Bu manzara uning ongida joylashgan va u shu manzaraga intilmoqda. Menimcha, bu g‘oya nihoyatda ajoyib. Uning ongidagi bu maqsad: O‘zbekiston gullab-yashnashi, har bir fuqaro baxtli bo‘lishi. U uchun har bir inson hayoti, har bir shaxs qadrli”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Uning ta’kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi paytida Shavkat Mirziyoyev har bir inson hayoti uchun kurashib, hech narsani ayamagan. U Xitoy va Janubiy Koreyadan shifokorlarni olib kelib, har bir bemorning hayotini saqlab qolishga intilgan. Jarayonni shaxsan nazorat qilib, o‘zi telefon orqali muloqotda bo‘lgan. “U tizimni qanday boshqarish kerakligini yaxshi tushunadi”, — deya xulosa qildi Mirziyoyeva.
Avvalroq Spot Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda avtomobillarga nisbatan ekologik talablarni kuchaytirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.
