Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva O‘zbekistondagi islohotlar jarayoni haqida fikr bildirdi. Bu haqda u Alter Ego YouTube kanaliga bergan intervyusida gapirdi.

Bloger Kirill Altmanning mamlakatdagi islohotlar to‘xtab qolganmi, degan savoliga javob berar ekan, u islohotlar endigina boshlanganini aytdi.

“Yo‘q, aslo to‘xtab qolmaydi, deb o‘ylayman. Biz endigina boshladik. Boshlagan ishimiz natijasini ozgina bo‘lsa-da, seza boshladik. Hayot biroz yengilroq bo‘ldi. Biznes yuritish osonlashdi, buni tan olish kerak. Men viloyatlarga borganimda ko‘plab qiyinchiliklar, muammolar borligini ko‘ryapman. Biroq davlatning imkoniyatlari cheklangan, tushunish kerak: biz imkoniyatlari cheklangan mamlakatmiz”, — dedi u.

Prezident Administratsiyasi rahbari davlatning moliyaviy imkoniyatlari cheklangan ekanligini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha muammolarni, shu jumladan, juda eskirib ketgan infratuzilmani yangilash uchun “juda katta mablag‘” kerak.

Hozirda prezident Administratsiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bor: suv ta‘minoti, ta‘lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik va sud tizimi.

“Shaffof va adolatli sud tizimisiz bularning barchasi [islohotlar] amalga oshirilishi mumkin emas”, — deya xulosa qildi Mirziyoyeva.

2025-yilning iyulida prezident Administratsiyasi rahbarining beshta o‘rinbosari tayinlangandi:

  • Hilola Umarova prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha;
  • Tamila Aliyeva prezident Administratsiyasi rahbarining tibbiyotni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Timur Butunbayev prezident Administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Nodira Hakimova prezident Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Sherzod Ozodzoda prezident Administratsiyasi rahbarining tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha o‘rinbosari.

Avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda avtomobillarga nisbatan ekologik talablarni kuchaytirish rejalashtirilayotganini aytgandi.