2025-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi qarzi $11 mlrddan ortiqqa oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakat to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga bag‘ishlangan sharhida keltirilgan.

Bu davrda mamlakatning tashqi sektorida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan eksportning importga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi hamda O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi uchinchi chorak davomida ham saqlanib qoldi.

Natijada, 9 oy yakuni bilan joriy operatsiyalar hisobi $207,3 mln manfiy saldo bilan shakllandi (2024-yilning 9 oyida $3,1 mlrd).

Mazkur davrda xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining o‘zgarishi hamda norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining ko‘payishi eksport ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jami eksport hajmi 2024-yilning mos davriga nisbatan 32,8% ga o‘sib, $26,1 mlrdni tashkil qildi.

Mamlakatda investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabi yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida xorijdan mashina va uskunalar, kimyoviy, maishiy va oziq-ovqat tovarlari hamda boshqa xomashyolar keltirilishi sababli jami import hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,4% ga o‘sib, $36,7 mlrdga yetdi.

2025-yilning 9 oyida savdo balansining manfiy saldosi 2024-yilning mos davriga nisbatan 12,6% ga kamayib, $10,6 mlrdni tashkil qildi.

davlat qarzi, markaziy bank, tashqi qarz, to‘lov balansi

Bu davrda O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro pul o‘tkazmalar hajmining o‘sishi birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi ijobiy saldo (mos ravishda $624,9 mln va $9,8 mlrd) bilan shakllanishiga sabab bo‘ldi.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi moliyaviy hisob bo‘yicha kapital tushumlar, xususan, to‘g‘ridan to‘g‘ri, portfel investitsiyalar va boshqa mablag‘lar jalb qilinishi hisobiga moliyalashtirildi.

2025-yilning 9 oyi davomida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi undan oldingi yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga o‘sib, $2,9 mlrdga teng bo‘ldi.

Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga 2024-yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga oshib, $3,8 mlrdni tashkil qildi.

Yuqoridagi tarkibiy omillar hisobiga 2025-yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi $955,8 mlnni tashkil etdi.

2025-yilning 9 oyida xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valyutadagi qismi $1,5 mlrdga ko‘payishi kuzatildi. Shuningdek, jahonda oltin narxining yuqori o‘sishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i yil boshiga nisbatan qariyb $13,8 mlrdga ko‘payib, 1-oktabr holatiga qariyb $55 mlrdni tashkil qildi.

davlat qarzi, markaziy bank, tashqi qarz, to‘lov balansi

To‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va boshqa o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei 2025-yil boshiga nisbatan 1,6 barobarga mustahkamlanib, $21,4 mlrdga yetdi.

Bunda, rezidentlarning chet el valyutasidagi aktivlari hajmi yil boshiga nisbatan $21,9 mlrdga (23%) hamda tashqi majburiyatlari hajmi $13,7 mlrdga (16%) ko‘paydi.

Markaziy bank xorijdan jalb qilingan davlat qarzi qoldig‘ining choraklik o‘sish sur’atlarida sezilarli pasayish kuzatilganini qayd etdi.

Birinchi chorakda ko‘rsatkich 5,7% ga, ikkinchi chorakda — 3%, uchinchi chorakda 1,2% ga o‘sdi. 1-oktabr holatiga mablag‘lar qoldig‘i $37,4 mlrdni tashkil qildi. Xo‘jalik subyektlari va banklar tomonidan norezidentlardan jalb qilingan korporativ kredit va qarzlar qoldig‘i $38 mlrdga teng bo‘ldi. (Jami tashqi qarz qoldig‘i — $75,4 mlrd).

Yil boshidan umumiy tashqi qarz $11,3 mlrdga, 2024-yilning mos davriga nisbatan esa $15,2 mlrdga oshgan.

Davlat qarzi

2025-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi $43,97 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich yil boshidan buyon $3,75 mlrdga oshib, YAIMga nisbatan 32,3%ga yetdi. Davlat qarzining 84%i tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelib, u $36,72 mlrdni, ichki qarz esa $7,25 mlrdni tashkil etmoqda.

Oktabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov so‘mning mustahkamlanishi hisobiga davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 1,3 trln so‘mga, korporativ qarzlar bo‘yicha esa 3,6 trln so‘mga qisqarganini ma’lum qildi. Iqtisodiyotning umumiy hajmi 4,9 trln so‘mni tashkil etdi.

Bundan tashqari, regulyator raisi O‘zbekiston tashqi qarzi barqaror darajada ekanligini qayd etdi. Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, tashqi qarz miqdor jihatidan oshayotgan bo‘lsa-da, uning YIMdagi ulushi kamaymoqda. So‘nggi besh yilda bu 32% dan 29% gacha pasaygan va qarz barqarorligi bo‘yicha xatarlar yo‘q.

Avvalroq Spot davlat kafolati ostidagi tashqi qarzlar parlament tomonidan ma‘qullanishi haqida yozgandi. Shuningdek, davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanadi.