Mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat xarajatlari qoplab beriladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, prezidentning tegishli qaroriga muvofiq O‘zbekekspertiza tomonidan mebel va yog‘ochsozlik mahsulotlari mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganini aniqlash bo‘yicha to‘lov undirilmasdan ekspertizadan o‘tkaziladi.
Shuningdek, mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat yoki ekspert xulosasi rasmiylashtiriladi.
Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan mahalliy ishlab chiqarilgan tovarga oid sertifikat yoki ekspert xulosasini rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi. Ushbu xarajatlar sertifikat yoki ekspert xulosasining amal qilish muddati davomida faqat bir marta to‘lanadi.
Vakolatli organ mahalliy ishlab chiqarilgan tovarga oid sertifikat yoki ekspert xulosasini rasmiylashtirish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun kompaniyaga murojaat qiladi. Bunda har hafta yakuni bilan tegishli maʼlumotlar kiritilgan reyestr taqdim etiladi.
Bunda vakolatli organ tomonidan reyestr Kompaniyaga elektron platforma (subsidiya.epauzb.uz) orqali yuboriladi.
Vakolatli organning kompensatsiya olish bo‘yicha murojaati kompaniya tomonidan murojaat kelib tushgan sanadan boshlab 7 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi. So‘ng xarajatlarni qoplab berish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Avvalroq biznes uchun mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha imtiyoz shartlari qatʼiylashtirilayotgani aytilgandi.
