Elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjat EHFlarning tovarlarni yagona yetkazib berish zanjiri doirasidagi xavf darajasini baholash hamda ularni tegishli toifalarga ajratish tartibini belgilaydi. Shuningdek, xavf darajasiga qarab EHFlar bo‘yicha QQSni to‘lash va hisobga olishning o‘ziga xos jihatlari nazarda tutiladi.

Nizomga muvofiq, xavf darajasini baholash tizimi orqali yuqori xavfli deb topilgan EHFlar ulushi hisobot davrida QQS to‘lovchilari rasmiylashtirgan jami EHFlarning 10%idan oshmasligi kerak. Ushbu talab EHFlar muomalasida xavflarni cheklashga qaratilgan.

Xavf darajasi bo‘yicha mezonlar Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi. Ushbu nizomni qo‘llash maqsadida EHFlar xavf darajalari bo‘yicha past va yuqori toifalarga tasniflanadi.

EHFlar axborot tizimida nazarda tutilgan har bir mezon bo‘yicha tegishli ballar sonini qo‘shish orqali avtomatik tarzda baholanadi.

Xavf darajalari bo‘yicha qo‘llanadigan har bir mezon bo‘yicha hisoblangan umumiy ball asosida tasniflanadi.

Soliq qo‘mitasi xavf darajasini hisobga olgan holda, EHFlarning markazlashtirilgan elektron reyestrini yuritadi.

EHFlarning xavf darajasi

Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Sherzod Kudbiyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuvda EHF uchun avtomatlashtirilgan risk-tahlil ishga tushirilganini ma‘lum qilgandi. Hisobga olinmagan aylanma muammosini hal qilishga qaratilgan loyiha qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan muhokama qilindi.

Test sinovlarining birinchi bosqichida oyiga 350 mingta (umumiy sonning 10%i) hisobvaraq-fakturalar tanlab olingan holda tahlil qilindi. Tizim fermerlar uchun ham, boshqa sohalar uchun ham amal qiladi, degan edi Kudbiyev.

Prezidentning 4-sentabrdagi farmoni bilan 2026-yildan elektron hisobvaraq-fakturalar uchun xavfni avtomatik baholash tizimi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Barcha EHFlar yaratish bosqichidayoq xavf darajasiga qarab qizil yoki yashil belgi qo‘yilgan holda tahlil qilinadi.

Yetkazib beruvchining maqomi xaridorga ko‘rsatiladi, bu esa kontragentni tanlashda bitimning ehtimoliy soliq oqibatlarini oldindan baholash imkonini beradi. Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, yangi yondashuv yashirin operatsiyalar, “bir kunlik” firmalar, soxta bitimlar va QQSni hisobga olish uchun hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan.

EHFning xavf darajasini baholash 48 ta mezon asosida amalga oshiriladi. Soliq qo‘mitasi bu mezonlar ro‘yxatini chetlab o‘tish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun xalqaro ekspertlar tavsiyasiga ko‘ra oshkor qilmaydi. Tizim doirasida 71 ta vazirlik va davlat idoralari maʼlumotlari birlashtirilgan.

Soliq to‘lovchilar uchun 2025-yilning 22-dekabridan EHFlar xavf darajasini baholash axborot tizimi test rejimida ishga tushirilgandi.


Avvalroq Soliq qo‘mitasi tadbirkorlar ilovaga ulanishga majburlanayotganiga izoh bergandi.