Kelgusi ikki yilda O‘zbekiston yana ikkita qo‘shni mamlakat bilan chegaradan ID-karta orqali o‘tish imkoniyatini yaratadi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida so‘z boradi.

Unda kamida 3 ta davlat bilan fuqarolarning chegaralardan ID-kartalar asosida erkin o‘tishi mumkin bo‘lgan kelishuvlarga erishish vazifasi berilgan. Ushbu tartibni 2026-yilda ikkita davlat bilan, 2027-yilda esa bitta davlat bilan amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning Spot’ga aniqlik kiritishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha ushbu imkoniyat Qirg‘iziston bilan birgalikda uchtaga yetkaziladi.

Ushbu mamlakat bilan 2023-yilning sentabridan boshlab chegara-bojxona postlaridan ID-karta orqali o‘tish yo‘lga qo‘yilgan. Bu xorijga chiqish pasportisiz chegarani kesib o‘tish va qo‘shni mamlakat hududida 60 kungacha vizasiz bo‘lish imkonini beradi.

“Hozirda qo‘shni mamlakatlarimiz bilan bu borada muzokaralar olib borilmoqda”, — dedi Burxonov, biroq u aynan qaysi mamlakatlar bilan kelishuv imzolanishiga aniqlik kiritmadi.

2024-yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyoda ID-kartalarni o‘zaro tan olishni taklif qildi. Undan keyin, prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov Qozog‘iston bilan bu tartibni joriy etish muhokama qilinayotganini bildirdi.

Noyabr oyiga kelib, davlat rahbari Qozog‘iston va Tojikistonga ham ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi. Mazkur mamlakatlar bilan bu tizimni joriy etish rejalashtirilgan.

2025-yil boshida O‘zbekiston va Ozarbayjon ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu fuqarolar harakatini soddalashtirish, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va migratsiya siyosati sohasidagi hamkorlikni kengaytirishi qayd etildi.

Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar 50 ta davlatga vizasiz safar qilishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.