Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotiga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-noyabr oylari davomida O‘zbekistonga ta‘lim olish maqsadida 37,2 ming nafar chet el fuqarosi kelgan.
O‘tgan yilga nisbatan xorijiy talabalar soni 54,3%ga ko‘paygan.
Xorijlik talabalarning asosiy qismi kuz mavsumida kelgan. 2025−2026-o‘quv yili boshlanganidan so‘ng mamlakatga 23 mingga yaqin xorijlik o‘qishga keldi — bu o‘tgan 8 oyga nisbatan taxminan 60% ko‘p.
O‘zbekistonda ta‘lim olayotgan xorijliklar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda Hindiston turadi. O‘tgan yilning 11 oyida 16,3 ming nafar Hindiston fuqarosi o‘qish uchun kelgan — bu umumiy sonning qariyb 44%ini tashkil etadi. Ulardan 12,8 mingtasi kuz oylariga to‘g‘ri keladi.
Ikkinchi o‘rinda 8,9 ming kishi (23,9%) bilan Turkmaniston joylashgan, ulardan joriy o‘quv yilida 4,3 mingga yaqini kelgan. Yetakchi uchlikni 2,7 ming talaba (7,25%) bilan Tojikiston yakunlaydi, ularning yarmi kuzda O‘zbekistonda o‘qishni boshlagan.
Bundan tashqari, Pokistondan 1,7 ming (4,6%) va Xitoydan 1,4 ming (3,7%) o‘quvchi bor. O‘tgan yilning kuzida O‘zbekistonga 1 mingga yaqin pokistonlik va 700 nafar xitoylik talaba kelgan.
Keyingi o‘rinlarda 870 nafar fuqaro (2,3%) bilan Janubiy Koreya, 823 nafar talaba (2,2%) bilan Qirg‘iziston, 737 nafar talaba (2%) bilan Misr, 501 nafar kishi (1,3%) bilan Filippin joylashgan. Birinchi o‘ntalikni AQSH yakunlaydi — 464 nafar talaba (1,25%).
O‘zbekistonga Turkiyadan 357 kishi, Afg‘onistondan esa 291 kishi o‘qishga kelgan. Bundan tashqari, Milliy statistika qo‘mitasi Buyuk Britaniyadan 179 nafar, Rossiyadan 164 nafar o‘quvchi borligini ma‘lum qilgan.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili aprel oyida Andijon viloyatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ta‘lim eksporti imkoniyatlari haqida gapirgan edi. U Andijon davlat tibbiyot institutiga Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Hindistondan talabalarni jalb qilish orqali viloyat $20 mlngacha daromad olishi mumkinligini ta‘kidlagan.
Davlat rahbari mutasaddilarga O‘zbekistonda “talaba vizasi"ni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirgan. Shu bilan birga, u universitet qoshidagi klinika negizida travmatologiya, jarrohlik, ginekologiya va pediatriya bo‘limlaridan iborat klaster tashkil etish vazifasini qo‘ygan.
Avvalroq O‘zbekistonda maktab va shifoxonalarni ta‘mirlash hamda qurish jamg‘armasi tashkil etilishi aytilgandi.
