Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi 2026-yilda “miya-kompyuter” interfeyslarini ommaviy ishlab chiqarishga o‘tadi. Mask bu haqda X platformasidagi o‘z postida ma’lum qildi.
Shuningdek, kompaniya ularni o‘rnatish uchun to‘liq avtomatlashtirilgan jarrohlik tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Ishlab chiqilayotgan implant birinchi navbatda og‘ir nevrologik buzilishlar, jumladan, orqa miya shikastlanishlari bo‘lgan odamlarga yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Qurilma o‘rnatilgan birinchi bemor kompyuterni boshqara oldi: u video o‘yinlar o‘ynash, veb-saytlarni ko‘rish, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar joylashtirish va noutbukdagi kursorni jismoniy aloqasiz harakatlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Sentabr oyida kompaniya dunyoning turli mamlakatlarida falajlikning og‘ir shakli bilan kasallangan 12 nafar bemorga miya implantlari qo‘yilganini ma’lum qilgandi.
Ushbu qurilmalar ularga miya signallari yordamida raqamli va jismoniy vositalarni boshqarish imkonini beradi. Bundan tashqari, iyun oyida Neuralink navbatdagi investitsiya raundida $650 mln jalb qildi.
Neuralink kompaniyasi keng ko‘lamli kengayishni rejalashtirilyaotgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya 2031-yilga kelib yiliga 20 minggacha neyroimplantni o‘rnatishni va kamida $1 mlrd daromad olishni maqsad qilgan.
Shuningdek, rivojlanish strategiyasi doirasida miya chiplarini implantatsiya qiluvchi beshta yirik klinika ochilishi rejalashtirilmoqda.
Ayni paytda Neuralink uchta qurilma ustida ish olib bormoqda: Telepathy (miya-kompyuter interfeysi), Blindsight (ko‘rish qobiliyatini tiklash) va Deep (Parkinson kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni qo‘llab-quvvatlash).
Kompaniyaning ichki hujjatlarida ko‘rsatilishicha, Telepathy 2029-yilgacha, Blindsight esa 2030-yilda AQSH bozoriga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, kompaniya rahbari Ilon Mask texnologik taraqqiyot sur’atlari bo‘yicha kutilmalarni oshirib, o‘z loyihalarini ishga tushirish muddatlarini bir necha bor kechiktirgan.
2016-yilda asos solingan Neuralink miyani kompyuter bilan bevosita bog‘lash uchun interfeyslar ishlab chiqarmoqda. Kompaniya 2024-yil boshida insonda o‘tkazilgan ilk operatsiya haqida ma’lumot berdi.
Ikkinchi bemorning jarrohlik amaliyoti haqida Ilon Mask 2024-yil avgustda xabar qildi. Uchinchi bemorga implant o‘rnatilgani 2025-yil yanvarda ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Xitoyda miya implantini joylashtirish bo‘yicha birinchi operatsiya o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Klinik sinovlarning keyingi bosqichida bemor kundalik vazifalarni bajarish uchun robotlashtirilgan qo‘lni boshqarishni o‘rganadi.