O‘zbekistonda iqtisodiyotning yuqori texnologik va boshqa tarmoqlari uchun bir qator yangi imtiyozlar kiritilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 25-dekabrda tegishli qonunni imzoladi.
Yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan olingan foyda solig‘i stavkasi nolga tushiriladi. Uni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan asbob-uskunalarning o‘rtacha yillik qoldiq qiymati mol-mulk solig‘ini hisoblash bazasidan chegirib tashlanadi.
Imtiyozlar qo‘llaniladigan yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar ro‘yxati prezident tomonidan tasdiqlanadi. Imtiyozlar ishlab chiqarish majmuasi foydalanishga topshirilgandan so‘ng 3 yil davomida amal qiladi.
Shuningdek, xalqaro tashishlarda ko‘rsatiladigan transport-ekspeditorlik xizmatlari uchun aylanma solig‘ining nol stavkasi joriy etilmoqda. Ro‘yxatga quyidagilar kiradi:
- yuklarni qabul qilish, yetkazib berish, saqlash;
- yuklarni sug‘urtalashni tashkil etish;
- tovarlar va transportning bojxona rasmiylashtiruvi;
- o‘z vaqtida yetkazib berilmagan yuklarni qidirish;
- ekspeditorlik omborlarida yuklarni saqlash.
Bundan tashqari, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari uchun soliq imtiyozlari mustahkamlanmoqda. Xususan, tikuv-trikotaj, poyabzal va teri-charm sanoati korxonalari uchun 2028-yil 1-yanvargacha foyda solig‘i 2%, ijtimoiy soliq esa 1% miqdorida belgilanadi.
Imtiyozlardan foydalanish uchun kompaniya asosiy faoliyatidan, shuningdek, shartnomalarga muvofiq xom ashyoni qayta ishlashdan olingan daromadning kamida 70%ini olishi kerak. Korxona xodimlarining mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 2 baravari (2,542 mln so‘m) miqdorida bo‘lishi lozim.
Yuridik shaxslar — Kreativ park rezidentlari 2031-yil boshigacha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni belgilanganidan 2 baravar past stavkalarda to‘laydi. Shuningdek, ulardan daromadidan qat‘i nazar, aylanma solig‘i undiriladi.
Yuridik shaxslarning ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va ular huzuridagi vakolatli tashkilotlar tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar bo‘yicha daromadlari 2030-yilgacha foyda solig‘idan ozod etiladi. Imtiyoz qimmatli qog‘ozlar muomalasi davrida hisoblangan barcha foizli daromadlarga tatbiq etiladi.
Mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish, chakana savdo, transport, avtomobillarni ta‘mirlash, veterinariya va agro-servis korxonalari uchun 30 yoshga to‘lmagan xodimlar uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarning amal qilish muddati 2028-yil boshigacha uzaytiriladi. Imtiyozli stavka xodimning ish haqi eng kam ish haqining 2,5 baravari (3 177 500 so‘m) miqdorida bo‘lgan taqdirda qo‘llaniladi.
Qonun davlat yaylov xo‘jaliklari yerlarini ham yer solig‘idan ozod qiladi. Dorivor o‘simliklarni yig‘ish va qayta ishlash kooperativlari xodimlari uchun ijtimoiy soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 1%gacha pasaytiriladi.
Avvalroq Spot 1-yanvardan taksichilar qancha miqdorda soliq to‘lashi haqida yozgandi.
