Adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda Hofmann tovar belgisiga bo‘lgan huquqlar M.T. korxonasi tomonidan buzilgani aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, korxona Hofmann brendiga fonetik jihatdan o‘xshash bo‘lgan Hoffmans belgisi ostidagi kontrafakt mahsulotlarni sotuvga chiqarib kelgan.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq o‘zganing tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanish ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Aniqlangan qoidabuzarlik uchun adliya organlari tomonidan M.T. korxonasiga nisbatan BHMning 100 baravari miqdorida (41,2 mln so‘m) jarima qo‘llanildi.
Avvalroq Toshkent viloyatida Mama Znayet tovar belgisiga o‘xshash nomdan foydalangan korxona jarimaga tortilgandi.
