O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab yer solig‘ining yangi stavkalari kuchga kirdi. Bu Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 25-dekabrda imzolagan qonunda nazarda tutilgan.
Qonun Soliq kodeksiga soliq va budjet siyosatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bir qator o‘zgartishlarni o‘z ichiga oladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun soliq stavkalari o‘rtacha 7%ga oshirildi.
Yuridik shaxslar uchun 1 gektar yer uchun soliqning bazaviy stavkalari quyidagi jadvalda keltirilgan:
| № | Hudud | Bazaviy stavka (mln so‘m) | |
| 2026-yil 1-yanvargacha | 2026-yil 1-yanvardan | ||
| 1 | Toshkent: | ||
| 1-hudud | 298,1 | 319 | |
| 2-hudud | 237,6 | 254,2 | |
| 3-hudud | 183,7 | 196,6 | |
| 4-hudud | 122,1 | 130,6 | |
| 5-hudud | 61,6 | 65,9 | |
| 2 | Qoraqalpog‘iston | 38,5 | 41,2 |
| 3 | Andijon viloyati | 48,4 | 51,8 |
| 4 | Buxuro viloyati | 39,6 | 42,4 |
| 5 | Jizzax viloyati | 39,6 | 42,4 |
| 6 | Qashqadaryo viloyati | 39,6 | 42,4 |
| 7 | Navoiy viloyati | 39,6 | 42,4 |
| 8 | Namangan viloyati | 48,4 | 51,8 |
| 9 | Samarqand viloyati | 48,4 | 51,8 |
| 10 | Surxondaryo viloyati | 35,2 | 37,7 |
| 11 | Sirdaryo viloyati | 29,7 | 31,8 |
| 12 | Toshkent viloyati | 40,7 | 43,5 |
| 13 | Farg‘ona viloyati | 40,7 | 43,5 |
| 14 | Xorazm viloyati | 39,6 | 42,4 |
Infratuzilma obyektlari joylashgan yerlar uchun soliq stavkasiga qo‘llaniladigan koeffitsiyent 0,45 dan 0,48 ga oshadi. Bu quyidagi inshootlarga taalluqli:
- elektr uzatish liniyalari va transformator podstansiyalari;
- umumdavlat aloqa tarmoqlari (havo va yer osti kabellari);
- umumfoydalanishdagi temir yo‘l yo‘llari;
- magistral neft va gaz quvurlari;
- aeroportlarning uchish-qo‘nish yo‘laklari, rulejli yo‘llar, samolyotlar to‘xtash joylari, radionavigatsiya va yoritish uskunalari;
- konservatsiyalangan obyektlar.
Jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari uchun yer solig‘ining asosiy stavkalari har bir kvadrat metr uchun belgilanadi. Ular quyidagicha:
| № | Hudud | Jismoniy shaxslar uchun soliq (so‘m) | |
| 2026-yil 1-yanvargacha | 2026-yil 1-yanvardan | ||
| 1 | Toshkent: | ||
| 1-hudud | 1735 | 1856 | |
| 2-hudud | 1471 | 1574 | |
| 3-hudud | 1206 | 1290 | |
| 4-hudud | 948 | 1014 | |
| 5-hudud | 678 | 725 | |
| 2 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 352 | 377 |
| 3 | Andijon viloyati | 433 | 463 |
| 4 | Buxoro viloyati | 352 | 377 |
| 5 | Jizzax viloyati | 352 | 377 |
| 6 | Qashqadaryo viloyati | 352 | 377 |
| 7 | Navoiy viloyati | 352 | 377 |
| 8 | Namangan viloyati | 433 | 463 |
| 9 | Samarqand viloyati | 433 | 463 |
| 10 | Surxondaryo viloyati | 330 | 353 |
| 11 | Sirdaryo viloyati | 278 | 297 |
| 12 | Toshkent viloyati | 366 | 392 |
| 13 | Farg‘ona viloyati | 366 | 392 |
| 14 | Xorazm viloyati | 352 | 377 |
Hududlar Kengashlari va Qoraqalpog‘iston Jo‘qori Kengesi yer solig‘i stavkalariga 0,5 dan 1,2 gacha bo‘lgan oshiruvchi va pasaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq stavkasi ularning me‘yoriy qiymatining 0,95%i darajasida qoladi — bu jismoniy shaxslar uchun ham, yuridik shaxslar uchun ham bir xil. Xuddi shunday stavka issiqxona xo‘jaliklari joylashgan yerlarga ham qo‘llaniladi.
Shuningdek, yangi yildan boshlab yuridik shaxslar uchun yer solig‘i bo‘yicha hisobotni tuzishning proaktiv tartibi joriy etilmoqda. Soliq organlari hujjatlarni o‘zlarida mavjud bo‘lgan ma‘lumotlar va soliq to‘lovchi shaxsiy kabinet orqali kiritgan ma‘lumotlar asosida tuzadi.
Soliq to‘lovchi soliq organlari hujjatni tayyorlagandan so‘ng 5 kun ichida hisobotga tuzatishlar kiritish huquqiga ega. Agar u buni qilmasa, hisobot to‘lovchi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar bo‘yicha hisobot 20-yanvardan kechiktirmasdan topshirilishi lozim.
Spot, avvalroq, 2026-yilda jismoniy va yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i stavkalari qanday o‘zgarishi haqida yozgandi.
