Bojxona qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan O‘zbekiston chegaralaridagi qator postlar yopilgani haqidagi ma‘lumotni inkor etdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati rahbari Husan Tangriyev izoh berdi.
Shavkat Mirziyoyevning dekabrda imzolangan Bojxona boshqaruvini soddalashtirish to‘g‘risidagi farmoni (PF-250) avtotransport vositalarini tekshirishni Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilariga topshirish bo‘yicha tajriba o‘tkazishni nazarda tutadi. U 2026-yil oxirigacha quyidagi olti postda amalga oshiriladi:
- “Bobotog‘” bojxona punkti;
- “Uchto‘rg‘on” chegara bojxona posti;
- “Pop” chegara bojxona posti;
- “Rovot” chegara bojxona posti;
- “Rishton” chegara bojxona posti;
- “Bekobod avto” chegara bojxona posti.
“Bu ushbu bojxona postlari tugatilishini anglatmaydi. Aksincha, bir birini takrorlovchi funksiyalarning qisqartirilishi hisobiga ayrim bojxona nazorati tartib-taomillari chegara qo‘shinlariga o‘tkazilishini anglatadi,” — deyiladi qo‘mita xabarida.
Farmonga ko‘ra, chegarachilar bojxona nazoratiga tushuvchi tovarlar aniqlanganda Bojxona qo‘mitasi xodimlarini chaqiradi. Bojxonachilar xavf-xatarni tahlil qilish tizimi ko‘rsatmalariga asosan avtomobillarni tekshirishda ishtirok etadi.
Chegarachilar pasport tekshiruvi paytida bojxona qonunchiligi buzilganligi yoki buzilish xavfi yuqoriligi to‘g‘risida bojxonachilarni xabardor qiladi. Bundan tashqari, ular bojxona nazorati ostidagi avtotransport vositalari haqida ma‘lumot almashadi.
Shuningdek, Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi oltita masofaviy elektron deklaratsiyalash postlari yopiladi. Ushbu postlar xodimlari Yagona bojxona rasmiylashtiruv markaziga yoki boshqa bojxona postlariga ishga o‘tkaziladi.
Avvalroq tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratilishi haqida xabar berilgandi.
